Bir qarashda javob aniq. Biroq, agar siz ushbu g‘oyani targ‘ib qila oladigan xabarlarga, shuningdek, reklama qilingan mahsulotlar uchun pul to‘lashga tayyor bo‘lgan iste’molchilarga e‘tibor bermasangiz, bu faqat birinchi qarashda shunday tuyulishi mumkin.
Avvalroq Factchecknet.uz biologik faol qo‘shimchalar dori emasligi haqida xabar bergan edi. Shuningdek, bioligik faol qo‘shimchalar (BFQ) bilan bog‘liq beshta afsona haqida ham yozgan edik.
Mana bu, masalan, kompaniyalardan birining reklamasi bo‘lib, ularning “Halila” nomli mahsuloti saraton kasalligini davolashi da’vo qilinmoqda. Shuningdek, 5000 kishi davo topgani va mahsulotdan 15 yildan ortiq vaqtdan beri foydalanilayotgani aytiladi. Bu rostmi?
HUKM: MANIPULYATSIYA
Bu bayonot Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan rasman rad etildi.
Xabarda aytilishicha, qoʻmita soʻrovi hamda Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining xulosasiga asosan ijtimoiy tarmoqlardagi reklama materiallarida koʻrsatilgan maʼlumotlarning mahsulotdan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar maʼlumotlariga mos kelmasligi aniqlangan.
Natijada reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgani uchun kompaniyaga BHMning 70 baravari miqdorida jarima solindi va iste’molchilarga yetkazilgan zararni (52 million 500 ming so‘m) qaytarish belgilandi.
2024-yilda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasiga BFQlar boʻyicha 1000ga yaqin murojaat kelib tushgani, isteʼmolchilar foydasiga 118 million soʻm moddiy zarar undirilgani maʼlum qilingan edi.
“Bunda ushbu mahsulotlarning reklamasi “ming bir xastalikka davo” sifatida, “mo‘jizakor” ta’siri haqida iste’molchilarni chalg‘itadigan yolg‘on yoki noaniq, bo‘rttiruvchi iboralar asosida joylashtirilishi, taniqli shaxslar va jamoat arboblari tomonidan mazkur mahsulotlarni tavsiya qilinishi, davolashda foydalanganliklari, ta’sir doirasi va terapevtik samaradorligi haqida fikrlar bildirilishi iste’molchilarning rejali (an’anaviy) davolashdan voz kechib, o‘z-o‘zini davolash usullarini keng qo‘llanilishiga, hattoki fojiali holatlarga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, reklama lavhalarida fuqarolarning diniy tuyg‘ularidan foydalangan holda dalil sifatida diniy blogerlarning suratlari, ular ishtirokidagi video va audio lavhalardan foydalanilib (muayyan bir savdo belgisi aniq gapirmagan bo‘lsa-da), davolash uchun tavsiyalar va ko‘rsatmalar berish orqali iste’molchilarda mahsulotlarga nisbatan bo‘lgan ishonchni sun’iy ravishda oshirilishiga va pirovardida noto‘g‘ri xulosa chiqarilishiga olib kelmoqda”, — deya ogohlantirgan qo‘mita avvalroq.
“Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunning 35-moddasida biologik faol qoʻshimchalar (BFQ) va oziq-ovqat qoʻshimchalari reklamasiga qoʻyiladigan talablar belgilangan:
ular dori vositalari hisoblanadi va (yoki) davolash xossalariga ega degan taassurotni uyg‘otmasligi;
ularni qo‘llash natijasida odamlar davolanganligiga, ularning ahvoli yaxshilanganligiga doir muayyan hollarga havolalarni o‘z ichiga olmasligi;
ularning qo‘llanilganligi munosabati bilan jismoniy shaxslar tomonidan bildirilgan minnatdorchilik izhorini o‘z ichiga olmasligi;
sog‘lom ovqatlanishni rad etishga undamasligi;
ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalarning va oziq-ovqat qo‘shimchalarining tadqiqotlar o‘tkazilganligi, davlat ro‘yxatiga olinganligi to‘g‘risidagi faktlarga havolalar qilish, shuningdek boshqa tadqiqotlar natijalaridan ularni qo‘llash uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri tavsiya shaklida foydalanish orqali dori vositalariga nisbatan afzalliklari haqidagi taassurotni yuzaga keltirmasligi;
voyaga yetmaganlar olishi yoki iste’mol qilishi taqiqlangan ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasida bolalar tasviridan foydalanilmasligi kerak.
Ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasi har bir holda reklama obyekti dori vositasi emasligi to‘g‘risidagi ogohlantirish bilan birga berilishi kerak. Ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasi bo‘yicha rag‘batlantiruvchi aksiyalar o‘tkazish taqiqlanadi.
BFQlarni reklama qilish davom etganida, qo‘mita qayta choralarni ko‘rib, yanvar oyida murojaat e’lon qildi.“Ijtimoiy tarmoqlar orqali “Halila” mahsuloti yordamida onkologik kasalliklarni davolashi va ularni to‘xtatishi borasidagi reklamalari tarqalashi davom etmoqda. Bu jamiyat uchun salbiy tendensiya bo‘lib kasal xolatdagi insonlarni ishontirib ularga ham iqtisodiy ham ruhiy pisoxologik holatlariga jiddiy ziyon yetkazmoqda. Qo‘mita tomonidan moliyaviy jarima qo‘llanganiga qaramay ushbu holat davom etganligi sababli kompaniya rahbarini belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortib, tegishli xujjatlar sudga yuborildi”, — deyiladi qoʻmita xabarida.