Emizikli onalar meva isteʼmol qilishi mumkinmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga koʻra, emizikli onalar mevalar, jumladan, uzum isteʼmol qilishi orqali bolaning ichi buzilmaydi, chunki mevalardagi zararli bakteriyalar ona sutiga oʻtmaydi va emizikli onalar barcha mevalarni bemalol, xohlagancha  isteʼmol qilishi mumkin.  

Factchecknet.uz mazkur xabar qay darajada haqiqatga yaqin ekanligini tekshirib koʻrdi.

HUKM: HUKMSIZ

Bu kabi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan tavsiyalardan asosan, shifokor bilan maslahatlashib, soʻng foydalanish lozim. Bir qancha nashrlar emizikli onalar isteʼmol qilishi va iste’molidan saqlanishi kerak boʻlgan oziq-ovqatlar haqida maʼlumot beradi (1,2,3). Xususan, “Parenting.firstcry.com” tibbiy nashrining izohlashiga koʻra, ko‘krak suti juda ozuqaga boy bo‘lib, chaqaloqlar hayotining birinchi olti oyida eng yaxshi energiya va oziq moddalar manbai hisoblanadi. Shu sababli, emizikli onalar o‘z ratsioniga sog‘lom oziq-ovqatlarni kiritishlari kerak. Onaning sog‘lom oziq-ovqatlarni iste’mol qilishi  chaqaloqni parvarish qilish, to‘g‘ri ovqatlantirish va hatto vazn yo‘qotish uchun energiya beradi.

Emizish davrida iste’molidan cheklanish kerak bo‘lgan ayrim mevalar mavjud. Mevalar emizikli ona va uning chaqalog‘i uchun zarur bo‘lgan muhim oziq moddalarining boy manbai hisoblanadi. Shuning uchun emizikli onalar ovqatlanish ratsioniga turli xil mevalarni qoʻshishi mumkin. Biroq ratsioniga ma’lum bir mevani kiritganidan so‘ng chaqaloqda toshma, shish yoki qayt qilish kabi salbiy reaksiyalarni sezsa, emizish davrida o‘sha mevadan saqlanishi lozim. Agar chaqaloq o‘zini yaxshi his qilmasa, pediatr bilan maslahatlashish kerak. Emizish davrida quyidagi mevalarni isteʼmol qilishdan saqlanish tavsiya etiladi:

  • Tsitrus mevalar – emizikli ona kivi, ananas, apelsin, va uzum kabi tsitrus mevalarni iste’mol qilishdan oldin shifokor bilan maslahatlashishi zarur,  chunki u ona suti orqali chaqaloqning hazm  qilish tizimiga ta’sir qilishi mumkin. 
  • Gilos ba’zida chaqaloqlarda qorinda gaz to‘planishi muammosini keltirib chiqarishi ma’lum.  Shuning uchun emizikli onalar gilos isteʼmol qilmasliklari maqsadga muvofiqdir.

Emizikli onaning uzum iste’mol qilishi chaqaloqqa yoki hatto onaga qandaydir nojo‘ya ta’sir ko‘rsatishi ma’lum emas.  Bundan tashqari, uzumni iste’mol qilish ona sutining ishlab chiqarilishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi yoki onalarda emizish bilan bo‘g‘liq muammolarni keltirib chiqarishga hissa qo‘shishi aniqlanmagan. Aksincha, qon bosimi va ovqat hazm qilishni tartibga solish kabi bir qancha sog‘liq uchun foydalari bor. Shu sababli emizikli onalar uzum isteʼmol qilishidan oldin yoki  shifokor maslahatisiz uzum isteʼmol qilgan hollarda chaqaloqda oshqozon og‘rig‘i va shu kabi alomatlar sezilsa, albatta, pediatrga murojaat qilishlari lozim.

Andijon shahar bolalar shifoxonasi neonatologi hamda Andijon davlat tibbiyot instituti pediatriya va neonatologiya kafedrasi katta oʻqituvchisi Barnoxon Mahmudova: “Uzumni emizikli onalar isteʼmol qilsa boʻladi, faqat 3 oylikkacha biz onalarga mevani chegaralaymiz. Chunki mevalar 3 oylikkacha chaqaloqlarda qorin ogʻrigʻiga sabab boʻladi. Farzandlari uch oylik boʻlganidan soʻng, onalar mevalarni oz-ozdan isteʼmolga kiritib boradi va, albatta, me’yorda isteʼmol qilishi tavsiya etiladi. Agarda onada qandli diabet boʻlsa va chaqaloq qandli diabet bilan tugʻilgan boʻlsa, emizikli ona umuman uzum isteʼmol qilishi mumkin emas. Chunki glyukoza va fruktozalar emizikli onalar va bolalarga nojoʻya taʼsir koʻrsatadi“, – deya fikr bildirdi.
Chaqaloqning salomatligi onaning ovqatlanish ratsioniga bogʻliq. Shuning uchun emizikli onalar chaqaloqqa zararli boʻlgan mahsulotlarni isteʼmol qilmasliklari maqsadga muvofiq. Onalar meva isteʼmol qilishidan oldin mutaxassis bilan maslahatlashishi va chaqaloqqa zararli taʼsir koʻrsatmaydigan holatlarda mevalarni isteʼmol qilishi tavsiya etiladi.