2025-yil 1-yanvardan boshlab “Afrosiyob” elektropoyezdining bilet narxlari talabga qarab o‘zgarib turadigan tizimga o‘tishi kutilmoqda. Bunga sabab sifatida esa “O‘zbekiston temir yo‘llari” boshqaruv raisi Zufar Narzullayev quyidagilarni keltirgan: “Afrosiyob“ elektropoyezdlari biror yil daromad bilan ishlamagan, faqat zarar bilan ishlagan. O‘tgan yilning o‘zida 238 mlrd so‘m zarar ko‘rgan. Chunki, poyezdlar narxi, Yevropa, umuman jahon miqyosida tezyurar poyezdlar narxi samolyot va oddiy (tahr.) poyezdlar narxidan doim qimmat yurgan. Oddiy poyezd narxlari tarif asosida ushlab turilgan”. Factchecknet.uz bilet narxiga oid mas’ul keltirgan iddaolar asosli yoki yo‘qligini tekshirib ko‘rdi.
HUKUM: QISMAN ROST
O‘zbekiston tezyurar temir yo‘l tarmog‘iga ega bo‘lgan jahondagi 29 ta davlatdan biri hisoblanib, 2011-yildan beri “Afrosiyob” tezyurar poyezdi harakatlanib kelmoqda. Tezyurar poyezdlar yuqori tezlik va sifatli xizmat ko‘rsatishi sabab jahonda ommalashgan. Biletlari esa qimmatroq, chunki ular maxsus infratuzilma, xavfsizlik tizimlari va qimmat texnik xizmat talab qiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Afrosiyob” tezyurar poyezdi biletlari narxi so‘nggi bir yil oralig‘ida 3 marta oshirilgan. Dastlab, 2023-yil 1-noyabrda mamlakatdagi ish haqi, energiya narxi va logistika xarajatlari oshishi, vagon parklarini yangilash va infratuzilmani rivojlantirish kabi omillar sabab sifatida keltirilib, biletlar narxi 60 foizga oshirilgan. 2024-yilning 20-yanvarida esa yana 20 foizga oshirildi. Bu safar ham temir yo‘l infratuzilmasini isloh qilish, elektr energiyasi — yonilg‘i, logistika va transport xarajatlarini qoplash sabab sifatida aytildi. 15-mayda ham chiptalar narxi ekonom klass uchun 20 foiz, biznes klass uchun 30 foiz va VIP klass uchun 40 foizga oshirildi, asos sifatida esa yana yuqoridagi sabablar keltirildi. Shunga qaramasdan, mazkur elektropoyezd 2023-yil 238 mlrd so‘m zarar ko‘rgan, 2024-yil choraklaridagi foyda-zarar haqida hisobotlar hozircha ochiqlanmagan.
Mahalliy yo‘nalishda poyezd, uzoq masofada esa samolyot biletlari arzonroq“O‘zbekiston temir yo‘llari” boshqaruv raisi Narzullayevning aytishicha, keyingi yildan tezyurar poyezdlarning chipta narxlari samolyot chiptalari kabi o‘zgaruvchan narxlarda sotiladi. Unga ko‘ra, jahon miqyosida tezyurar poyezdlar biletining narxi samolyot va oddiy poyezdlarnikidan qimmat ekan. Bu ma’lumotni tekshirib ko‘rish uchun sayohatlarni rejalashtirish va biletlarni bron qilishga mo‘ljallangan xalqaro Trip.com va Omio.com platformalarini ko‘rib chiqdik:

Trip.com va Omio.com platformalaridagi e’lonlar asosida, noyabr oyi uchun
Yuqoridagi jadvalda tezyurar poyezdlar ommalashgan davlatlardan 6 tasidagi (Yaponiya, Fransiya, Germaniya, Xitoy, Ispaniya, Italiya) ba’zi yo‘nalishlarning eng arzon va qimmat takliflarini samolyotniki bilan solishtirgan holatda keltirdik. Mahalliy yo‘nalishlarda tezyurar poyezd va samolyot chiptalari narxi yo‘nalish, masofa, xizmat sinfi va buyurtma qilingan vaqtga qarab o‘zgaradi. Umuman olganda, qisqa va o‘rta masofalardagi mahalliy yo‘nalishlarda, ayniqsa oldindan buyurtma qilinganda, tezyurar poyezd chiptalari odatda samolyot chiptalaridan arzonroq bo‘lib chiqmoqda. Biroq poyezd biletlarini uzoq masofaga (boshqa davlatga) yoki sayohatga juda kam muddat qolganda sotib olsangiz, samolyotnikidan bir necha barobar qimmat bo‘lib ketishi mumkin, bu talab-taklif darajasiga ham bog‘liq (suratga qarang):

Omio.com platformasi
Odatiy holatda esa mahalliy yo‘nalishdagi tezyurar poyezd biletining narxi samolyotnikidan keskin qimmat emas. Yuqoridagi jadval ma’lumotlarini grafik orqali ifodalasak, solishtirish osonlashadi:

Ba’zi Yevropa davlatlarida (Buyuk Britaniya, Belgiya, Polsha) samolyotlar biletining narxi poyezdnikidan arzon bo‘lgan yo‘nalishlarni ko‘p uchratish mumkin. Narxlardagi bu farq asosan aviakompaniyalarga beriladigan subsidiyalar, aviatsiya yoqilg‘isiga solinadigan past soliqlar va raqobat tufayli yuzaga keladi. Bu omillar aviareyslar narxining poyezd tariflaridan ancha past bo‘lishiga imkon beradi. Boshqa tomondan, tezyurar poyezdlar xizmati yuqori operatsion va infratuzilma xarajatlarini talab qiladi, bu esa chipta narxlarining qimmatlashishiga olib keladi.
G‘arbiy Yevropada bir mamlakat ichida yoki bir-biriga yaqin yirik shaharlarga qisqa masofali tezyurar poyezdlar arzonroq, uzoq masofa va xalqaro yo‘nalishlar esa qimmatroq narxlanadi. Bu tartib bayramlar, kutilmagan holatlar va kompaniyalar e’lon qiladigan chegirmalar sabab ham o‘zgaruvchandir.