Telegram kanallari BMT sudyasi Lidiya Mugambe Buyuk Britaniyada ugandalik ayolni tekinga xizmatkor va enaga bo‘lib ishlashga majburlagani uchun 6 yilu 4 oyga ozodlikdan mahrum etilgani haqida ma’lumot tarqatmoqda.
HUKM: ROST
Rasmiy manbalar, jumladan BBC va The Guardian materiallariga ko‘ra, Lidiya Mugambe haqiqatan ham zamonaviy qullikda aybdor deb topilgan va Oksford sudi tomonidan olti yilu to‘rt oyga ozodlikdan mahrum etilgan.
Oksforddagi sud Lidiya Mugambe Uganda Oliy sudi sudyasi bo‘lib, bir vaqtning o‘zida Oksford universitetida tahsil olib, aldov yo‘li bilan ugandalik yosh ayolni Buyuk Britaniyaga olib kelganini aniqladi. U go‘yoki ayolni Londondagi Uganda elchixonasi rahbarining sobiq o‘rinbosari Jon Mugervaning uyida xizmatkor bo‘lib ishlash uchun kelgan deb unga Britaniya vizasini olishga yordam bergan. Aslida esa, Buyuk Britaniyaga kelgach, ayol Mugambening Oksfordshir grafligidagi uyiga olib ketilgan.
U yerda uy ishlarini bajaruvchi va enaga bo‘lib maoshsiz ishlagan. U harakat erkinligi va tashqi dunyoga kirish huquqidan mahrum bo‘lgan, shuningdek, unga huquqlari haqida noto‘g‘ri ma’lumot berilgan. Ayol Buyuk Britaniyada mehnat va immigratsiya huquqiga ega ekanligini bilmagan va Mugambening o‘z vatanidagi yuksak mavqei tufayli qo‘rquv ichida yashagan.
Hibsga olish paytida Lidiya Mugambe politsiyaga: “Men aslida immunitetga egaman”, — degan, ammo bu unga jinoiy javobgarlikdan qochishga yordam bermadi. 2025-yil mart oyida u zamonaviy qullik bilan bog‘liq jinoyatlarda aybdor deb topildi va 2-may kuni 6 yilu 4 oyga ozodlikdan mahrum qilindi.
Hozirda rasmiy manbalar va sud materiallari jabrlanuvchiga Buyuk Britaniyada rasmiy boshpana berilganini tasdiqlamaydi. Faqat u Ugandaga qaytishdan qo‘rqayotgani ma’lum va onasini boshqa ko‘rmasligi mumkinligini aytdi. Uning migratsiya holati tafsilotlari yuridik sabablarga ko‘ra oshkor etilmagan.
Lidiya Mugambening hukmi haqidagi ma’lumotlar haqiqatdir.