Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanidagi uylardan biriga asteroid tushgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Videoga osmondan iz qoldirib yerga tushayotgan noma’lum jism va tom qismlari shikastlangan uy tasvirlari aks etgan (1, 2, 3).
HUKM: FEYK
Xorazm viloyati FVB matbuot xizmati bu xabar asossiz ekanligini ma’lum qilgan. Aytilishicha, 12-may kuni soat 03:39’da Xorazm viloyati FVBga Bog‘ot tumani Obod Vatan ko‘chasidagi uy dahlizining taxminan 10 kvadrat metr tom qismi qulab tushgani to‘grisida xabar kelib tushgan.
“Mazkur holat yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda turli asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar, xususan, hodisa joyiga asteroid tushgani haqida noto‘g‘ri xabarlar tarqalmoqda. Shuni ma’lum qilamizki, hodisa sodir bo‘lgan manzilda Ichki ishlar boshqarmasi hamda Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining maxsus laboratoriya xizmatlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan. O‘rganishlar davomida hodisa joyida hech qanday fazo jismlari yoki portlash xususiyatiga ega moslamalarning qoldiqlari aniqlanmagan”, – deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, tekshiruv davomida mazkur xonadonda ikkita propan gaz balloni mavjudligi aniqlangan. Bu esa hodisaning kelib chiqish sabablari bo‘yicha boshqa ehtimollarni ko‘rsatadi.
Video materialning kelib chiqishiAsteroid qulashi aks etgan video kadrlar haqiqiy emasligi aniqladik Ushbu portlash sahnasi aslida Instagram ijtimoiy tarmog‘ida vizual effektlar (VFX) bilan shug‘ullanuvchi raqamli ijodkorning blogida 2024-yil 15-mart kuni e’lon qilingan.

Asteroid qulashi aks etgan ishlov berilgan asl videodan skreenshot
Videoning asl manbasida keltirilishicha, kadrlar Qozog‘istondagi dalada suratga olingan va keyinchalik Adobe After Effects dasturi yordamida asteroidning yerga tushish effekti qo‘shilgan. Qizig‘i shundaki, ushbu video 2024-yil sentyabr oyiga kelib ijtimoiy tarmoqlarning hind sigmentida ham Rajaston va Uttar-Pradesh shtatlariga asteroid qulagani haqidagi yolg‘on da’volar bilan tarqalgan. Hind nashrlari ushbu xabarlarni feyk deb topib, videoning asl manbasini ko‘rsatgan (1, 2).
Yuqoridagi dalillarga asoslanib, Xorazm viloyatiga asteroid tushgani haqidagi xabarlar FEYK deb topildi. Rasmiy idoralar tomonidan hodisa joyida hech qanday kosmik jism qoldiqlari aniqlanmagan. Tarqalgan video esa kompyuter effektlari yordamida yaratilgan va avvalroq boshqa mamlakatlarda ham yolg‘on xabarlar tarqatish uchun ishlatilgan.