Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga koʻra, achchiq choy yurakni oʻynatadi, asablarni taranglashtiradi, qiziloʻngachni kuydiradi va oshqozon ogʻrishini keltirib chiqaradi. Factchecknet.uz mazkur xabar qay darajada haqiqatga yaqin ekanligini tekshirib koʻrdi.
HUKM : QISMAN ROST
Bir qancha nashrlar choy tarkibidagi foydali va zararli moddalar haqida taʼkidlaydi. (1, 2, 3). Xususan, “Healthline” tibbiy nashriga koʻra, choyning yashil va qora turlari mavjud boʻlib, ular “Camellia sinensis” o‘simligi barglaridan tayyorlanadi. Choy an’anaviy tabobatda asrlar davomida shifobaxsh xususiyatlari uchun ishlatilgan. Bundan tashqari, zamonaviy tadqiqotlar choydagi o‘simlik birikmalari saraton, semizlik, qandli diabet va yurak kasalliklari kabi surunkali kasalliklar xavfini kamaytirishda muhim rol o‘ynashi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Garchi moʻtadil choy iste’moli koʻpchilik uchun juda sogʻlom tanlov bo‘lsa-da, kuniga 3–4 stakandan (710–950 ml) ko‘proq ichish ayrim salbiy taʼsirlarga olib kelishi mumkin. Choyni haddan tashqari ko‘p ichishning mumkin bo‘lgan nojo‘ya ta’sirlari quyidagilardir:
- Temir moddasining so‘rilishini kamaytiradi – choy taninlar deb ataladigan birikmalar sinfiga boy manbadir. Taninlar ba’zi oziq-ovqatlardagi temir bilan birikib, uni hazm qilish tizimida so‘rilmaydigan holga keltirishi mumkin. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, choydagi taninlar o‘simlik manbali ovqatlardan temirning so‘rilishini hayvon manbali ovqatlarga nisbatan ko‘proq qiyinlashtiradi. Choydagi tanin miqdori choyning turiga va uni tayyorlash usuliga qarab sezilarli darajada farq qilishi mumkin.
- Asabiylik, stress va bezovtalikning oshishi – ba’zi choy barglari, masalan qora va yashil choylar, tabiiy ravishda kofein moddasini o‘z ichiga oladi. Ko‘p kofein iste’mol qilish asabiylik, stress va bezovtalik hissiyotlarini kuchaytirishi mumkin. O‘rtacha bir stakan (240 ml) choy tarkibida choy turiga va tayyorlash usuliga qarab taxminan 11–61 mg kofein bo‘ladi. Qora choylar odatda, yashil choy turlariga qaraganda ko‘proq kofeinni o‘z ichiga oladi va choy qancha uzoq damlansa, undagi kofein miqdori shuncha ko‘payadi. Shuningdek, kofeinsiz o‘simlik choylari ham mavjud boʻlib, ular haqiqiy choy hisoblanmaydi, chunki ular “Camellia sinensis” o‘simligidan olinmaydi. Ular turli xil kofeinsiz tarkibiy qismlardan, masalan, gullar, o‘tlar va mevalardan tayyorlanadi.
- Yomon uyqu – ba’zi choy turlarida tabiiy ravishda kofein mavjud bo‘lgani sababli, uni haddan tashqari iste’mol qilish uyqu siklini buzishi mumkin.
Ba’zi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, kofein miyaga uyqu vaqti kelganini bildiruvchi melatonin garmoni ishlab chiqarilishini to‘xtatishi mumkin, natijada uyqu sifati yomonlashadi. Yetarli darajada uxlamaslik charchoq, xotira zaiflashishi va diqqatning pasayishi kabi muammolar bilan bog‘liq. Bundan tashqari, surunkali uyqusizlik semizlik va qon shakar darajasining buzilishi xavfini oshiradi.
- Ko‘ngil aynishi – choy barglaridagi tanin moddasi choyga achchiq va quruq ta’m beradi. Taninlarning tortuvchi xususiyati hazm qilish to‘qimalarini bezovta qilishi mumkin, natijada ko‘ngil aynishi yoki qorin og‘rig‘i kabi noqulay alomatlar paydo bo‘lishi ehtimoli bor.
- Jigʻildon qaynashi – choy tarkibidagi kofein jigʻildon qaynashiga olib kelishi yoki ilgari mavjud bo’lgan kislotali reflyuksiya belgilarini kuchaytirishi mumkin. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, kofein qizilo‘ngach va oshqozonni ajratib turuvchi sfinkter mushagini bo‘shashtirishi mumkin. Bu esa oshqozondagi kislota qizilo‘ngachga osonroq chiqib ketishiga olib keladi. Kofein shuningdek, oshqozonda umumiy kislota ishlab chiqarilishini oshirishi ham mumkin.
- Kofeinga qaramlik – muntazam choy ichish kofeinga qaramlikka olib keladi. Kofein isteʼmoli toʻxtatilganida esa yurak urishining tezlashishi, jahldorlik, bosh ogʻrigʻi va charchoq kabi alomatlar yuzaga keladi.
Dietolog Vazira Hakimova: “Choy bargi tarkibida 2-5 foiz kofein, teofillin va teobromin alkaloidlar, 20-28 foizgacha oshlovchi moddalar, flavonoidlar (kemp-ferol, kvertsetin, giperin, kvertsimeritrin va boshqalar), 156-233 mg.foiz С, B1, В6 vitaminlari, nikotin va pantoten kislotalar, efir moyi va boshqa birikmalar mavjud. Qora choyga nisbatan koʻk choy metabolizmni yaxshilaydi. Shu sababli har ovqatlanishdan oldin 1 stakan ichgan maʼqul. Boshqa choy va damlamalar esa taʼsiriga koʻra miqdori belgilanadi. Kuchli anemiyada, aterosklerozda, oshqozon-ichak yaralaridan, qon bosimi kabilarda kamroq ichish yoki cheklash tavsiya qilinadi. Bundan tashqari qon bosimini normallashtiruvchi, buyrak faoliyatini yaxshilovchi, ogʻriqni pasaytiruvchi, virusga profilaktika uchun, oʻt qopi, jigar va shu kabilar uchun giyoh damlamalar ham mavjud”, – deya izohladi.
Choy dunyodagi eng mashhur ichimliklardan biridir. U nafaqat mazali, balki ko’plab sog’liq uchun foydali hisoblanadi, masalan, yallig’lanishni va surunkali kasalliklar xavfini kamaytiradi. Choy tarkibidagi achchiq va quruq ta’m beruvchi tanin va kofein hamma odamlar organizmiga har xil taʼsir koʻrsatadi. Choyga taʼsirchan odamlarda tanin va kofein miqdori qanchalik yuqori boʻlsa, u shunchalik koʻp sogʻliq uchun noqulayliklarni keltirib chiqaradi. Choyning yashil turi meʼyorida ichilsa salomatlik uchun foydali hisoblanadi.