Instagram messenjerida tarqalgan xabarlarga koʻra, qizlar sovgʻa qilingan gullarni telegram ilovasidagi yaratilgan kanallari orqali sotishmoqda. Factchecknet.uz ushbu xabarning qanchalik haqiqatga yaqin ekanligini tekshirib koʻrdi.
HUKM : ROST
Ijtimoiy tarmoq sahifalarida (1,2,3), asosan, instagram messenjeridagi reelslarda tarqalayotgan xabarlarga koʻra, Toshkentda qizlar yigitlari bergan gullarni ommaviy ravishda qayta sotyapti, hatto auksionga qoʻyishgan. Gullarni qayta sotish uchun telegram kanal yaratilgan. Bu telegram kanalga bir kundayoq sakkiz ming kishi obuna boʻlgan. Aniqlanishicha, kanaldagi gullar narxi bozordagiga nisbatan ikki barobar arzon. Shu sababli mahsulot xaridorgir va bundan xaridorlar ham xursand. Floristlar esa norozi, chunki bu ularning bozorini tushirib yuborishidan qoʻrqishyapti.
Factchecknet.uz ushbu kanal nomi “Second bloom” ekanligini aniqladi. Kanal joriy 2025-yilning 25-oktyabr kuni yaratilgan va 28-oktyabrda shunday post kanalda eʼlon qilingan: “ Boshlangʻich narx – oʻzingiz hal qilasiz” degani nimani anglatadi?
• Siz o‘zingiz maqbul deb hisoblagan istalgan soʻmmani taklif qilasiz.
• Bu soʻmmani izohlarda yozasiz.
• Agar ikki soat ichida hech kim siz taklif qilgan soʻmmadan yuqori narx aytmasa, unda siz bu narsani aynan o‘zingiz ko‘rsatgan narxda olasiz.
• Agar kimdir narxni oshirsa, unda narsani auksion tugaguniga qadar eng yuqori narxni taklif qilgan odam oladi.
Har bir eʼlon ostida auksionning tugash vaqti ko‘rsatilgan”.
Instagram foydalanuvchilari orasida bunga norozilar koʻp va ularning biri: “Buni 50% toʻgʻri deb hisoblayman, 50% notoʻgʻri deb oʻylayman. Chunki hozirgi kunda gullar qimmat. Erkaklar esa, gul olish uchun pul yigʻishadi, mehnat qilib vaqt sarflashadi. Sizning didingizga mos gullarni tanlab-tanlab olishadi, u gulni berish orqali bizning mehrimizga sababchi boʻlishadi, bizning reaksiyamizni koʻrish uchun harakat qilishadi…”, – deya oʻz akkauntiga post joylagan.
2025-yilning noyabr oyi oxiridagi koʻrsatgich kanalda 33 900 dan ortiq obunachi borligini koʻrsatmoqda. Kanal egasi Falina Tamila ismli qiz boʻlib, uning instagramdagi sahifasiga blogger, blog boʻyicha konsultant va model ekanligi haqida yozib qoʻyilgan. Factchecknet.uz tomonidan kanal faoliyati haqida toʻliqroq maʼlumot olish uchun kanal egasi va adminlariga murojaat qilinganda, ularda ish koʻpligini taʼkidlashdi va savollarga javob berishmadi.
Bu biznes bir vaqtning oʻzida trendga ham aylanib ulgurgan. Biroq kanalda yana boshqa “Second bloom” nomi bilan faoliyat olib borayotgan akkaunt haqida ham post joylangan. Shu sababli bu xizmatdan foydalanuvchilar haqiqiy akkauntga murojaat qilayotganliklariga ishonch hosil qilib, soʻng sotuv ishlarini amalga oshirishlari kerak.