Aziz-ayol.uz platformasi haqida eshitganmisiz? O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 08.09.2021 yildagi 507-son qaroriga asosan jarangdor nomga ega milliy interaktiv platformani yaratish yo’lga qo’yildi. Platforma ishga tushirilgan kundan boshlab rasmiy veb-saytlar va ommaviy axborot vositalarida platformaning xotin-qizlarni qo’llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi mavqeini oshirishda samarali vositaga aylanishi haqida yozildi. Ushbu resurs xotin-qizlarni kasb-hunarga o’rgatish, ishga joylashish, tadbirkorlik bilan shug’ullanish, ularning huquqlarini himoya qilishda yordam berishi reja qilingan edi. Biroq, 2021 yil dekabr oyidan boshlab platforma ishlamay qo’ydi. Tahririyatning loyihani amalga oshirish va sayt boshqaruviga hozirda kim mas’ul ekanligi haqidagi savollariga javob ololmadik.
Qaror bilan tasdiqlangan nizomda Milliy platformaning uzluksiz ishlashini ta’minlash vazifasi Mahalla va oilani qo’llab-quvvatlash vazirligiga topshirilgan. Garchi 2023-yil yanvar oyida vazirliklar tuzilmasida o’zgarishlar sodir bo’ldi. Ammo ta’kidlash joizki, ushbu vazirlik 2022-yil davomida Mahalla va nuroniylarni qo’llab-quvvatlash vazirligi sifatida faoliyat ko’rsatgan, lekin platformaning ishlashini ta’minlash bo’yicha o’z majburiyatlarini bajarmagan.
Platformaning faoliyat davri davomida qabul qilingan arizalar soni, qancha ayolni kasbga yo´naltirgani, ishga joylashtirgani yoki tadbirkorlik bilan shug’ullanishda qo’llab-quvvatlagani haqida ma’lumotlar yo’q. Turli vazirlik va idoralardan xotin-qizlar muammolari va ularning yechimlari bo’yicha onlayn tarzda ma’lumotlarni to’plash va tahlil qilishga doir belgilangan vazifa natijalarini ko´rish imkoniyati ham yo´q.
Aziz-ayol.uz milliy interaktiv platformasi xotin-qizlarni har tomonlama qo’llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy mavqeini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi degan umid mavjud edi. Platformani yaratish g’oyasi istiqbolli edi — u muammolar va natijalarni baholash, qiyin vaziyatda bo’lgan ayollarga manzilli yordam ko’rsatish uchun samarali vositaga aylanishi kerak edi.
2023-yil 13-iyul kuni veb-saytda ko’rsatilgan murojaat@aziz-ayol.uz elektron manziliga tahririyat so’rovi yubordik. Hech qanday javob bo’lmadi. Veb-saytda ko’rsatilgan raqamga (1146) qo’ng’iroq qilinganida, ular portal haqida bilmasligini va faqat zo’ravonlik holatlari bilan shug’ullanishlarini aytishdi.
Platformaning oxirgi yangilanishi 2021-yil dekabrda amalga oshirilgan. Bu mas’ul shaxslarning harakatsizligi va hukumat qarorini bajarmaganini anglatadi. Oqibatda aziz-ayol.uz platformasi amalga oshmagan va’dalar yodgorligi bo’lib qoldi.
HUKM: VA’DA BAJARILMADI