Universitet tomi qulab tushib, ikki talabani bosib qoldimi?

4-sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on filialidagi faollar zalida tom qulab tushgani, u ikki talabani bosib qolgani haqida xabarlar tarqaldi. Telegram’dagi bir qator kanallarning yozishicha, o‘quv yilining ilk kunida universitet filialining faollar zalida tadbir o‘tkazilgan. Ushbu jarayon davomida binoning tom qismi talabalar ustiga qulab tushgan. Biz bu ma’lumotni tekshirib ko‘rishga harakat qildik.

HUKM: ROST

Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligining “Zarnews” nashriga aniqlashtirishicha esa, shiftidagi beton plita noma’lum sabablarga ko‘ra joyidan siljib pastga tushgan. Voqea sodir bo‘lgan joyda talabalar bo‘lmagani sababli hech kimga jiddiy zarar yetmagan. Faqat zalning birinchi qatorida o‘tirgan ikki nafar 1-bosqich talabalari yengil jarohat olgan va ayni damda shahar Tibbiyot birlashmasida tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. 

“Ayni damda ishchi guruh tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. O‘rganish natijasi yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi”, — deyiladi hokimlik munosabatida.

Boshqa bir manba — Kun.uz’ning universitet ma’muriyatiga tayanib xabar berishicha, hodisa oqibatida uch nafar talaba qiz jarohatlangan.

Vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan bog‘landik. Vazirlik matbuot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzovaning aytishicha, hozirda vaziyat tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘rganilmoqda.

Samarqand davlat universiteti ham rasmiy munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, shu kuni soat 9:28 da Kattaqo‘rg‘onda filial binosining faollar zali tomidagi sahna qismining o‘ng burchagidan 1 dona plita talabalar va o‘qituvchilar bo‘lmagan joyga tushib ketgan. Oqibatda 2 nafar 1-kurs talabasi plita bo‘laklarining tegishi sababli yengil tan jarohati olgan.

Hozirda ushbu talabalar Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasiga yetkazilib, birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. 

“Ularning umumiy ahvoli yaxshi ekanligini maʼlum qilamiz”, — deyiladi xabarda.

Demak, universitetdagi faollar zalining shift qismidagi beton pastga qulab tushgani aniq fakt. Ammo buning oqibatida qancha odam jarohatlangan (ayrim manbalar 2, boshqalari 3 nafar talaba demoqda), qanchalik darajada jarohatlangan — bu bo‘yicha hali aniq ma’lumot mavjud emas.