O’quv yili boshlanganiga 10 kun bo’ldi. Factchecknet.uz jurnalistlari boshlang’ich sinf o’quvchilari bepul ovqat bilan ta’minlanayotganini tekshirib ko’rish uchun poytaxtdagi bir nechta maktablarda bo’lishdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022—2026-yillarga mo’ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturini tasdiqlash to’g’risidagi Farmonida bepul ovqatlanish nazarda tutilgan.
Farmonga ko’ra, 2023/2024 o’quv yilidan boshlab O’zbekistondagi barcha maktablarda boshlang’ich sinf o’quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlashni joriy etish va’da qilingan edi.
HUKM: BAJARILMADI
Toshkent shahrining turli tumanlarida joylashgan 56, 83, 233, 185, 79, 305-maktablarda bo’ldik. Ularning har birida o’quvchilar, o’qituvchilar va maktab ma’muriyati hali bepul ovqat yo’qligini ma’lum qildi. 56-maktabda bo’lganimizda “Ehtimol, oktyabr-noyabr oylarida bo’ladi”, — degan gapni aytishdi. 233-maktab vakillari ham ma’lumot kutayotganliklarini bildirishdi va bu masala ularga bog’liq emasligini, Toshkent shahridagi birorta maktabda hali bepul ovqat berilmaganini tushuntirishdi. 305-maktabda katta ehtimol bilan bepul ovqat bilan ta’minlash 2024-yil yanvar oyida boshlanishi mumkinligini aytishdi.





