Telegram-kanallarda saraton shakarni “sevadi” va qancha ko‘p shirinlik iste’mol qilinsa, saraton hujayralari ularni shunchalik ko‘p tatib ko‘rishi haqida ma’lumot tarqatilmoqda. “Haqiqat shundaki, saraton boshqa moddalarga qaraganda 15 marta ko‘proq glyukozani o‘zlashtiradi”, — deyiladi videoda.
HUKM: YOLG‘ON
Odamlarda o‘tkazilgan tadqiqotlar shakarni iste’mol qilishni kamaytirish saraton kasalligini oldini olishini yoki uni davolashini ko‘rsatmadi. Bundan tashqari, hech qanday tadqiqot shakarni ko‘p iste’mol qilish saratonga olib kelishini isbotlamadi. Boshqacha qilib aytganda, shakar va saraton o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik yo‘q.
Bu mifning paydo bo‘lishi nima bilan bog‘liq?
PET skanerlash deb nomlanuvchi pozitron emissiya tomografiyasi paydo bo‘lganidan beri saraton kasalligi shakar tufayli yuzaga keladi degan afsona tarqaldi. PET skanerlash — bu o‘simta qaerda joylashganligini aniqlashga yordam beradigan kompyuter tomografiyasidan (KT) foydalanadigan diagnostika usuli.
PET KT tekshiruvidan oldin sizga oz miqdorda ftorodoksiglyukoza-18 deb ataladigan radioaktiv shakar in’ektsiya qilinadi. Tana hujayralari shakarni o‘zlashtiradi. Ko‘proq energiya iste’mol qiladigan hududlar ko‘proq shakar to‘playdi. Saraton hujayralari sog‘lom hujayralarga qaraganda ko‘proq energiya sarflaydi va shakarni faolroq iste’mol qiladi. PET-skanerlash tanangizning qay qismlarida radioaktiv indikatorlar borligini ko‘rsatadi.
Xulosa shuki, shakarni sog‘lom ovqatlanishning bir qismi sifatida iste’mol qilish saratonga olib kelmaydi. Shakar turli shakllarda bo‘ladi. Ularning eng oddiylari, masalan, glyukoza yoki fruktoza tanamiz uchun asosiy energiya manbai hisoblanadi. Bizning tanamiz millionlab hujayralardan iborat va ularning har bir turi o‘z vazifasini bajaradi — harakat qilishimizga yordam beradigan mushak hujayralaridan tortib, his qilishimizga imkom beruvchi nerv hujayralarigacha hamda glyukoza har bir hujayramizni quvvatlantiradigan asosiy yoqilg‘i hisoblanadi.
Ammo borgan sari ko‘proq tadqiqotlar shuni ko‘rsatayaptiki, ko‘p miqdorda shakar iste’mol qilish tana vazniga ta’sir qiladi. Bu tana massasi indeksi (TMI) 30 yoki undan yuqori bo‘lgan semirishga olib keladi. O‘z navbatida, yuqori TMI saraton va boshqa kasalliklar rivojlanish xavfini oshiradi.