Vaʼdani tekshiramiz: konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 1-noyabr kuni soliq tushumlari va 2022-yilgi byudjet parametrlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Ushbu tadbir yakunlari bo‘yicha o‘sha paytdagi moliya vaziri Timur Ishmetov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida davlat rahbari 2022-yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligini 3 foizga kamaytirish, shuningdek, kelgusi yillarda ham ushbu chegaraga amal qilish bo‘yicha topshiriq bergani bilan bo‘lishgan edi. 

“[Prezident] zarurat tugʻilganda qonun bilan budjet taqchilligi cheklangan miqdorini 3 foizgacha deb belgilash va keyingi yillarda undan oshmaslik boʻyicha qatʼiy topshiriq berdi. Bu yo‘nalishda budjetning daromad qismi ijrosi bilan bir qatorda xarajatlarni ham qat’iy nazoratga olish belgilandi. Bu, asosan, vazirliklar xarajatlariga, jumladan, qurilish ishlariga, umuman, joriy xarajatlarga ham tegishli”, — dedi Timur Ishmetov.

Faktchecknet.uz tahririyati hukumat 2022 va 2023-yillarda Prezident topshirigʻini bajara olganmi yoki yo‘qligini tekshirishga qaror qildi.

HUKM: BAJARILMADI

Iqtisodiyot va moliya vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 2022-yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi 35,22 trillion soʻmni tashkil etib, bu Oʻzbekiston yalpi ichki mahsulotining qariyb 4 foiziga teng, vaholanki, 2022-yil uchun Davlat budjeti qonunida YIMning 3 foiz miqdorida taqchillik chegarasi belgilangan. Hukumat ruxsat etilgan limitni bajarmaganligi sababli 2022-yil oktabr oyi oxirida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 2022-yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga budjet taqchilligi limitini yalpi ichki mahsulotning 3 dan 4 foizigacha oshirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi yuborilgan edi. Bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov parlamentdagi chiqishida hukumat hisob-kitoblariga ko‘ra, yil davomida budjet taqchilligi YIMga nisbatan 4 foizdan oshishi haqida ma’lumot berdi va yil yakunida shunday bo‘ldi.

2023-yildagi budjet taqchilligi

2022-yil dekabr oyi oxirida “2023-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Unda konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligining cheklangan miqdori YIMning 3 foizi miqdorida belgilandi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisobotiga ko‘ra, 2023-yilning birinchi yarmida konsolidatsiyalashgan budjet xarajatlari daromadlardan 26,95 trillion so‘mga oshgan. Agar 2023-yilning birinchi yarmida yalpi ichki mahsulot hajmi 469,61 trillion so‘mni tashkil etganini hisobga oladigan bo‘lsak, budjet taqchilligi hajmi YIMga nisbatan 5,73 foizga teng bo‘lib, bu qonun hujjatlarida belgilangan chegaradan deyarli ikki baravar ko‘pdir.

Biroq keyingi oylarda konsolidatsiyalashgan budjetning asosiy qismini tashkil etuvchi Davlat byudjeti taqchilligi o‘sishda davom etmoqda. Masalan, iyul va avgust oylarida 12,2 trillion so‘mga, 4-27 sentabrda esa 3,75 trillion so‘mga oshgan. Shu tariqa, birgina so‘nggi uch oydan kamroq vaqt ichida Davlat budjeti taqchilligi qo‘shimcha ravishda qariyb 16 trillion so‘mga oshgani hukumatning 2023-yil oxirigacha budjet taqchilligi bo‘yicha belgilangan limitlarni bajara olishiga shubha uyg‘otmoqda.