Huquqbuzarliklar haqida xabar beriluvchi platforma ishga tushdimi?

Yoqilg‘i-energetika resurslaridan foydalanishdagi huquqbuzarliklar haqida xabar berish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida “Uzenergo” mobil ilovasi yaratilishi va ishga tushirilishi kerak edi. 

Ushbu loyihani amalga oshirish Prezidentning “Davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish va yoqilg‘i-energetika sanoatida “raqamli energiya nazorati” tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan. 

Factchecknet.uz mazkur vazifa ijrosini tekshirib ko‘rdi.

HUKM: QISMAN BAJARILGAN

“Yoqilg‘i-energetika resurslaridan oqilona foydalanish ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatilsin. 2023-yil 1-sentabrdan boshlab elektr, issiqlik va gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi foto va video materiallar fuqarolar tomonidan maxsus axborot tizimiga yuboriladi va ular Energetika vazirligi tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi. Huquqbuzarliklar haqida foto va video materiallar yuborgan shaxslar pul mukofoti bilan taqdirlanadi” (Prezident farmonidan).

Uning ijrosini ta’minlash maqsadida 2023-yil 16-oktabrda Vazirlar Mahkamasi qaror qabul qilgan.

Unga ko’ra, “O‘zenergoinspeksiya”ning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 2023-yil 1-dekabrga qadar:

  • “O‘zenergoinspeksiya”ning mas’ul xodimlarini texnik vositalar, zarur uskunalar (planshet va boshqalar) bilan ta’minlash; 
  • “Uzenergo” mobil ilovasining to‘liq ishlashi uchun server uskunalarini xarid qilish;
  • bir oy muddatda “Uzenergo” mobil ilovasida huquqbuzarliklar aks etgan fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni tahlil qilish;
  • huquqbuzarlik sodir etilgan joyni aniqlash; 
  • huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslarning harakatiga tegishli baho berish bilan shug‘ullanuvchi mas’ul xodimlarni amaldagi shtat birliklari doirasida belgilash vazifalarini amalga oshirish ko’rsatilgan. 

Biz bilan telefon orqali muloqot qilgan “O‘zenergoinspeksiya” axborot xizmati rahbari Navro‘z Norboboyevga ko‘ra, hozirda tizim test rejimida ishga tushirilgan, biroq yetarli moddiy-texnik bazaga ega emasligi va moliyaviy masalalarning to‘la hal qilinmaganligi bois u “Play market”da negativ statusda turibdi. VM qarorida ko‘rsatilganidek, yil yakunigacha tizim to‘la ishga tushadi.

Ma’lumot uchun, “Uzenergo” mobil ilovasi quyidagi imkoniyatlarni nazarda tutadi:

  1. Yoqilg‘i-energiya resurslaridan to‘g‘ri foydalanish bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish;
  2. Jismoniy shaxslar tomonidan aniqlangan huquqbuzarlik to‘g‘risidagi fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni “O‘zenergoinspeksiya”ga manzil (geografik joylashuvi) belgilari bo‘yicha yuborish;
  3. Huquqbuzarlik holatlari haqida xabar bergan jismoniy shaxslarni pul mukofotlari bilan rag‘batlantirish;
  4. Huquqbuzarliklar, normativ-huquqiy hujjatlar va statistik ma’lumotlar bazasi bilan tanishish;
  5. Sodir etilgan huquqbuzarliklar yuzasidan ma’muriy huquqbuzarlik hujjatlarini (bayonnoma va qarorlarni) elektron shaklda tuzish orqali ushbu huquqbuzarliklar haqidagi ma’lumotlarni Ichki ishlar vazirligining “E-ma’muriy ish” tizimiga kiritish;
  6. Hududlar va tumanlar (shaharlar) bo‘yicha aniqlangan sohaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joriy etish hamda yuritish.