Xabaringiz bor, Factchecknet.uz bir qancha vaqtdan buyon “Tashabbusli budjet” loyihasi va u bilan bog‘liq muammoli holatlarni yoritib keladi. Tahririyat mavzularni tanlab olishda betaraflik tamoyillariga tayanadi. Ya’ni ochiq, hamma ko‘rishi mumkin bo‘lgan “komment”larni tanlab oladi va ular asosida tekshiruvlar, surishtiruvlar o‘tkazadi. Bu gal bizning e’tiborimiz Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanidagi holarlardan biriga qaratildi.
Tumanda joylashgan “Cheksaroy” MFY da mahallaning ichki yo‘llarini ta’mirlash tashabbusi 12 mingdan ortiq ovoz to‘plab, g‘olib deb topilgan.
Loyiha tashabbuskori Xojiakbar Axmadjonov uning ijrosini “qizil” rangda belgilab, quyidagicha izoh qoldirgan: “Ko‘chalarni asfaltlash ishlari sifatsiz amalga oshirildi, asfalt qalinligi atigi 0.2 sm tashkil etgani sababli ayrim joylarda asfalt ostidagi shag‘allar asfalt ostidan ko‘rinib qolgan”.

Loyiha ijrosi uchun 1,1 mlrd so’mdan ortiq mablag’ sarflangan. Uning pudratchi-ijrochiligini tender asosida “Fergana Diamonds Mega Way” MChJ yutib olgan.

Loyiha smeta hujjatlarida shunday qayd etiladi: “Koʻchaning taʼmirlanadigan qismi uzunligi 3,261 km dan iborat. Shu jumladan, “Turkiston” ko‘chasining 0,200 km qismi, “Husniobod” ko‘chasining 2,152 km qismi, “Gulobod” ko‘chasining 0,909 km qismlari loyihalangan. Ishchi loyihaga ko‘ra, sha‘g‘al qoplamali yo‘l profilini yangi material qo‘shmasdan tekislash… va mayda donali issiq zich asfaltobеton qorishmasidan 5 sm qalinlikda qoplama qurish loyihalangan.

Noma’lum sabablarga ko‘ra, tashabbuskor biz bilan hamkorlikda ishlashdan va asfaltlangan ko‘chalar bilan tanishtirishdan bosh tortdi. Shunga qaramay, biz “Turkiston” va “Husniobod” ko‘chalaridagi ta’mirlangan yo‘llar bilan tanishdik. Haqiqatan ham, “Husniobod” ko‘chasidan o‘tuvchi ayrim yo‘llarda asfalt qalinligi talab darajasida emasligi ko‘rinadi.


“Husniobod” ko’chasidagi yo’lning chetki qismi
Yo‘lning bir qancha qismlarida asfalt ostidan shag‘al ko‘rinib qolgan. Loyihaning sifatli yakunlanganligini tekshirib ko‘rish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Mavzu qanday topiladi?
Tahririyatimiz “Tashabbusli budjet”ga aloqador o‘nlab keyslarni yoritdi. Mavzu yo‘nalishiga qiziquvchi, biroq nimadan boshlashni bilmayotgan jurnalist va mustaqil mualliflar uchun Factchecknet.uz kichik qo‘llanmani taqdim qiladi:
- Openbudget.uz veb-sahifasiga va u yerdan “Tashabbusli budjet” rukni orqali tashabbuslar ro‘yxatiga o‘ting.
- Yaqin yillardagi tashabbuslar ro‘yxatidan birini va xohishingizga ko‘ra hudud va tashabbus turkumini tanlang.
Statistikani ko‘rish qismida “Jamoatchilik” nazorati bo‘limi bor, u orqali “qizil” tashabbuslarni tanlang. Ushbu qizil tashabbuslarning har biri jurnalistik materiallar va tekshiruvlar uchun asos bo‘lishi mumkin. Xususan, “Tashabbusli budjet” 2023-yil 2-mavsumida 10 ta “qizil tashabbus” mavjud.