Open Contracting Partnership (OCP) tashkiloti Acted Texnik hamkorlik va taraqqiyot agentligi ko‘magida O‘zbekistondagi nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va tadqiqotchi jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat xaridlari bo‘yicha ma’lumotlarni to‘plashga mo‘ljallangan parser (Parser – bu turli saytlarda joylashtirilgan ma’lumotlarni yig’ish va tartibga solish dasturi. Ma’lumotlar manbai sifatida matn tarkibi, veb-sayt HTML kodi, sarlavhalar, menyu elementlari, ma’lumotlar bazalari va boshqa elementlar bo’lishi mumkin. Axborot yig’ish jarayoni parsing deb ataladi) ishlab chiqdi. Ushbu vositani ishlab chiqishdan maqsad budjet mablag‘larining sarflanishi bo‘yicha ochiq ma’lumotlar va raqamli vositalardan foydalanishni rag‘batlantirishdan iborat.
Parser barcha manfaatdor jurnalistlar va nodavlat notijorat tashkilotlariga davlat xaridlari monitoringi uchun davlat xaridlari to’g’risidagi ma’lumotlardan faol foydalanish imkoniyatini beradi.
OCP jamoasi O‘zbekistondagi eng yirik xarid.uzex.uz portalidan ma’lumotlarni yuklab olish jarayonini avtomatlashtirdi. Yuklab olingan ma’lumotlar CSV fayllari sifatida taqdim etiladi va ushbu havolada taqdim etiladi.
Havola ma’lumotlari har oy yangilanadi. Bu ma’lumotlarning dolzarbligini ta’minlaydi va jurnalistlar va nodavlat notijorat tashkilotlariga davlat xaridlari bo‘yicha o‘zgarishlarni kuzatish imkonini beradi. OCP jamoasi ushbu havolalar orqali ma’lumotlarni yig’ish usullari va shu jarayonda duch keladigan cheklovlarini tavsiflaydi.
Bunday parser davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarga kirishni soddalashtirish va bu sohada yanada yaxshiroq va chuqurroq tahlil qilishda muhim rol o‘ynaydi. Davlat xaridlari bo‘yicha jurnalistik materiallar va tadqiqotlar sifati va miqdorini oshirish O‘zbekistonda davlat xaridlarining shaffofligi, ochiqligi va samaradorligini oshiradi.
Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi loyiha doirasida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda barcha manfaatdor nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va frilanserlarga davlat xaridlari bo‘yicha tadqiqot ishlarini amalga oshirishda maslahat va murabbiylik yordamini ko‘rsatadi.
Qo’shimcha ma’lumot uchun quyidagi manzilga murojaat qilishingiz mumkin:
Umrbek Allaqulov uallakulov@open-contracting.org
Dilfuza Mirzahmedova info@factchecknet.uz