Yoshlar konsepsiyasi ijrosi nazorati: “UNICORNS” startaplari

2021-yil 18-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Konsepsiyani 2021-2022-yillarda amalga oshirish bo‘yicha 62 banddan iborat “Yo‘l xaritasi”da yillar kesimida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan chora-tadbirlar taqsimoti keltirilgan.

Xususan, hujjatning 30-bandida 2021-yildan boshlab har ikki yilda bir marotaba “Yoshlar oromgohi” bazasida xalqaro startap tadbirlarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Biz ushbu vazifa ijrosi qay darajada amalga oshirilganini tekshirib ko‘rdik.

HUKM: QISMAN BAJARILGAN

Xalqaro startaplar tanlovining o‘tkazilayotgani yoki tashkil qilinmaganini bilish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi Axborot va media xizmati rahbari Nodir Abduqodirov bilan bog‘lanishga urinib ko‘rdik. 

Mas’ulga ko‘ra, “Unicorns” nomli startaplar tanlovi o‘tkazib kelinyapti va bu tadbir “Yo‘l xaritasi”ning 30-bandi ijrosiga mos keladi. Biroq Yoshlar ishlari agentligining rasmiy telegram kanali orqali ko‘rish mumkinki, mazkur startaplar tanlovi 2020-yilda ham o‘tkazilgan bo‘lgan, shuningdek 2022, 2023-yillarda ham tashkil qilingan. “Konsepsiyada xalqaro startaplar tanlovi 2021-yildan boshlab ikki yilda bir marotaba o‘tkazilishi belgilangan, “Unicorns” ilk o‘tkazilish sanasi bilan ham, o‘tkazilish yillari ketma-ketligi bilan ham konsepsiyaga mos kelmaydi”, – degan mulohazamizga javoban agentlik Axborot xizmati rahbari shunday deydi: “Unicorns” 2020-yilda ilk marotaba o‘tkazilgan, biz tanlovning muvaffaqiyati va yoshlarga ko‘rsatayotgan ijobiy ta’sirini inobatga olgan holda uni konspensiyaga kiritishni o‘zimiz so‘raganmiz. Moliyaviy, tashkiliy va boshqa tomonlama muammolar tug‘ilmasligi uchun g‘oyamizni hujjat sifatida rasmiylashtirganmiz. O‘tkazilish ketma-ketligiga kelsak, tanlovning muvaffaqiyatini ko‘rgach, uni har yili tashkil qilishga qaror qildik, muvaffaqiyatli loyihalarni qayta va qayta ilgari surish qonunga zid emas”.

“Unicorns” Respublika bo‘ylab 18-30 yosh oralig‘idagi yoshlarning innovatsion gʻoya va startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash tanlovidir. Dastlabki bosqichda Samarqand, Qashqadaryo, Toshkent viloyati yoshlarining startap loyihalari ichidan ekspertlar tomonidan maʼqul deb topilgan eng yaxshi 15 ta startapning har biriga 10 000 000 so‘m qiymatidagi boshlang‘ich grant (umumiy 150 000 000 so‘m) mablag‘lari ajratiladi. Bu jumlalar “Unicorns”ning rasmiy veb-saytidan olingan. To‘g‘ri, 2022-yilgi tanlov e’lonida unda Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo, kuzatuvchi va hamkor davlatlar startapchi yoshlari ishtirok etishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Shu sababdan tanlov shu yili “Unicorns SCO” deb nomlangan (SCO – Shanghai Cooperation Organisation). 

Biroq avvalgi va keyingi yillardagi tanlov bilan bog‘liq xabarlar, shuningdek, yuqorida keltirilgan tanlovning rasmiy veb-saytida unga berilgan ta’rif tanlovning xalqaro ahamiyatga ega emasligini ko‘rsatadi. Xususan, joriy yilda o‘tkazilayotgan tanlovning e’lonlarida ham loyiha “Respublika bo‘ylab 18-30 yosh oralig‘idagi yoshlarning innovatsion g‘oya va startap loyihalarini qo‘llab-qivvatlash tanlovidir” deb ta’riflanadi. Bu uning xalqaro xarakterga ega tanlov ekanligini yana bir bor shubha ostiga oladi. 

Shuni ham aytib o‘tish kerakki, “Yo‘l xaritasi”ga ko‘ra mazkur xalqaro startaplar tanlovi “Yoshlar oromgohi” ba’zasida amalga oshirilishi belgilangan. Agentlik mas’uliga ko‘ra esa, oromgohda o‘tkaziladigan tabdirlarning soni va ko‘lami nihoyatda katta bo‘lganligi sababli, “Unicorns” respublikaning turli hududlari bo‘ylab o‘tkazilib kelinmoqda.

“Unicorns”ning kelgusi yillarda xalqaro startaperlarni ham qamrab olish-olmasligini kuzatish maqsadida mavzuga qaytamiz.