Alisher Usmonov va 20 mln so‘m: rost yoki yolg‘on?

Facebook’da Alisher Usmonov odamlarni 20 000 000 so‘mdan ortiq pul ishlab olish mumkin bo‘lgan USM platformasiga taklif qilayotgani aks etgan video tarqalmoqda. “Siz faqat anketani to‘ldirib, mutaxassis qo‘ng‘irog‘ini kutishingiz kifoya”, — deyiladi videoda.

HUKM: FEYK

Odamlarni USM platformasiga taklif qilayotgan Alisher Usmonov ko‘rinish bergan video soxta. Og‘iz qimirlashi va audio o‘rtasida sezilarli nomuvofiqliklar mavjud, uning ovozi sun’iy va robotnikiga o‘xshaydi, shuningdek, ko‘zlari g‘ayritabiiy tarzda yumib-ochilishi va xiralashgan yuz xususiyatlari diqqat bilan qaraganda seziladi.

Ushbu video sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan. Neyron tarmoq soxta video (deepfake) yaratishi uchun unga odamning 10 soniyalik videosi yetarli bo‘ladi. Mark Tsukerberg haqida yaratilgan videoda u go‘yo milliardlab odamlarning shaxsiy ma’lumotlarini o‘g‘irlab, ularni to‘liq nazorat qilar emish. Shuningdek, Barak Obamaning Donald Trampni haqorat qilayotgani aks etgan soxta video ham mavjud.

Yomon niyatli kimsalar soxta videolarni yaratish uchun neyron tarmoqlardan tobora ko‘proq foydalanmoqda. Ular firibgarlik, aldash yoki boshqa yaramas maqsadlarda odamlarni turli saytlar yoki platformalarga taklif qilish uchun bunday videolardan foydalanishi mumkin. Shuning uchun, soxta ma’lumotlar tarqalmasligi va firibgarlik qurboni bo‘lmaslik uchun har doim bunday videolarning haqiqiyligini tekshirish muhimdir.

2022-yilda “Gazeta.uz” o‘sha davrda tarqatilgan soxta “USM Invest”, “USM Investment Academy”, “USM Investment Fund”, “USM Platform”, “Alisher Usmonovning daromadlarini oshirish dasturi” kabilar yovuz niyatli kimsalar tomonidan faqat foydalanuvchilarni aldash va noqonuniy ravishda pul mablag‘larini qo‘lga kiritish maqsadida yaratilgani haqida yozgan edi. 

“Ta’kidlash joizki, USM xolding ham, uning aksiyadori Alisher Usmonov ham jismoniy shaxslar uchun investitsiya loyihalarini ishga tushirmagan va ushbu mavzu bo‘yicha qayd etilgan saytlar, nashrlar yoki reklamalarning birortasiga aloqasi yo‘q. Xolding ham, uning aksiyadori ham ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilmaydi”, deyiladi xabarda.

Dipfeyk (deepfake) nima?

Dipfeyk — bu sun’iy intellektdan foydalangan holda video va audioni qayta ishlash texnologiyasi bo‘lib, u odamlarning yuzlari va ovozlari soxtalashtirilgan, aldamchi reallikka juda yaqin kontent yaratish imkonini beradi. Ushbu texnologiya soxta videolar, audio yozuvlar va fotosuratlar yaratish uchun ishlatilishi mumkin.

Qanday qilib soxta videoni aniqlash va aldovdan himoyalanish mumkin?

Dipfeyklarning asosiy belgilaridan biri bu yuz, mimika va ovozdagi anomaliyalardir.

Yuz harakatlariga diqqat bilan qarang: ular nutq ifodalari va harakatlariga mos kelmasligi mumkin. Yaqindan qaraganda, dipfeykdagi yuzlar beqaror, xiralashgandek ko‘rinishi va harakatlar nutq ifodalariga mos kelmasligi mumkin. Dipfeyk robotnikiga o‘xshash yoki monoton tabiiy intonatsiyasiz tovushlarni yaratishi mumkin.

Biroq, dipfeyk texnologiyasi doimiy ravishda takomillashtirilmoqda va ba’zan uni sun’iy, soxta ekanligini aniqlash qiyin bo‘lishi mumkin.

Yomon niyatli kimsalar ularni yanada ishonchliroq qilishga harakat qiladilar, bu esa anada diqqat bilan tahlil qilishni talab qiladi. Shu sababli, ayniqsa muhim qarorlar yoki moliyaviy masalalar taqdiri hal qilinayotgan bo‘lsa, video tasvirlarni baholashga ehtiyotkorlik bilan yondashish va ularning haqiqiyligini tekshirish uchun qo‘shimcha vositalar va usullardan foydalanish darkor.