“Parlamentdagi ayollar roli” forumi o‘tkazilyaptimi?

O‘zbekiston Prezidentining 87-son Farmoniga ko‘ra, 2020-yildan boshlab har yili dekabr oyida “O‘zbekiston taraqqiyotida parlamentdagi ayollar roli” mavzusida an’anaviy ayollar forumi o‘tkazilishi belgilangan edi. Mazkur vazifa ijrosi Oliy Majlis palatalariga yuklatilgan. Biz uning ijrosi qay darajada amalga oshirilganligini tekshirib ko‘rdik. 

HUKM: QISMAN BAJARILGAN

2020-yil 14-dekabr kuni Toshkent shahrida “O‘zbekiston taraqqiyotida parlamentdagi ayollar roli” mavzusida birinchi forum bo‘lib o‘tgan edi. Shu yili  O‘zbekistonda mamlakat tarixida ilk marotaba milliy parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetganligi hamda mamlakat parlamenti xotin-qizlar soni bo‘yicha dunyodagi 190 ta parlament orasida 37-o‘ringa ko‘tarilgani ta’kidlangan.

2020-yilda ilk bora tashkillashtirilgan forum ommaviy axborot vositalari tomonidan keng yoritilgan bo‘lishiga qaramay, keyingi yillarda ushbu forumning o‘tkazilganligi haqidagi xabarlar ko‘zga tashlanmaydi.

Senat mas’ul xodimi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2022-yil 13-aprel kuni “O‘zbekiston taraqqiyotida parlamentdagi ayollar roli” mavzusidagi ikkinchi forum o‘tkazilgan.

Forumning maqsadlari sifatida quyidagilar ko‘rsatilgan:

  • xotin-qizlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini faollashtirish va davlat boshqaruvi idoralarida gender balansiga rioya qilinishini ta’minlash;
  • barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda ayol senator va deputatlarning ishtirokini  kuchaytirish;
  • jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ijtimoiy sheriklikning samarasini oshirish, NNTlar va boshqa fuqarolik jamiyati institutlaring ta’sirchan faoliyatini kengaytirishda lider ayollarning o‘rnini mustahkamlash.

2021-yilda forum tashkil etilmaganligi va keyingi yildagi o‘tkazilish sanasi bilan bog‘liq o‘zgarishlar vazifa qisman bajarilgan deyish uchun asos bo‘ladi.

Shuningdek, global qidiruv tizimida forumning rasmiy sahifalarini izlash hech qanday natija bermadi.