Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasining muddatlariga amal qilinyaptimi?

Budjet kodeksiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi ishtirokida joriy yilning 15 oktyabridan kechiktirmay kelgusi yilgi Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga, qoida tariqasida, Hisob palatasining xulosasi bilan  kiritishi kerak. Xuddi shunday talablar Oliy Majlis Senatiga taqdim etiladigan budjet xabariga nisbatan ham belgilangan.

Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi, o‘rta muddatli fiskal strategiya, Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar Oliy Majlis palatalariga yuborilgunga qadar umumxalq muhokamasiga kiritilishi shart. Bundan tashqari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan “Fuqarolar budjeti” axborot nashri jamoatchilik muhokamasiga chiqarilishi shart.

Faktchecknet.uz tahririyati Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2022 va 2023-yillardagi Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga qonunda belgilangan muddatda kiritilganini tekshirishga qaror qildi.

HUKM: BAJARILMAGAN

2023-yil 15-oktabrgacha O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 2024-yilgi Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini kiritmagan. Shunday qilib, na Oliy Majlis Qonunchilik palatasining, na Iqtisodiyot va moliya vazirligining rasmiy sahifalarida kelgusi yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi kiritilishi to‘g‘risida hech qanday ochiq ma’lumot topilmadi, bu esa bevosita Budjet kodeksining 97-moddasining buzilishi hisoblanadi. Shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2024-yil uchun “Fuqarolar budjeti” axborot nashrini jamoatchilikka taqdim etmadi.

2022 yilda nima bo‘lgan?

2022-yil 15-dekabrda Oliy Majlis Senati 2023-yilgi Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni ma’qullashi kerak bo‘lgan vaqtda hukumat hujjatni parlament quyi palatasiga kiritmagan edi. Buni deputat Doniyor G‘aniyev “Gazeta.uz” tahririyatiga tasdiqlagan. Bundan tashqari, qonun loyihasi avvaldan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmagan edi.

2022-yil 17-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi kelgusi yilgi Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqishni boshladi.

Bundan tashqari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Fuqarolar budjeti” axborot bulleteni faqat 2023-yil 7-martda, ya’ni qonun hujjatlarida belgilangan muddatdan deyarli olti oy o‘tkazib e’lon qildi.

Shunday qilib, Vazirlar Mahkamasi ketma-ket besh yil davomida Budjet kodeksi normalarini buzmoqda: Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini 2019-yilda 9-noyabrda, 2020-yilda 14-noyabrda, 2021-yilda 13-noyabrda, 2022 yilda 17 dekabrda  kiritgan.

Bu O‘zbekiston hukumati tomonidan Davlat budjetiga doir qonunning yagona buzilish holati emas. Misol uchun, avvalroq faktchecknet.uz Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat budjeti taqchilligi chegarasini ikki yil ketma-ket YIMga nisbatan 3 foizdan oshirib, budjet intizomini qanday buzayotgani haqida maʼlum qilgan edi.