Telegram kanallarida ovqatni mikroto‘lqinli pechda isitgandan keyin iste’mol qilish xotira va aqlning pasayishiga olib kelishi haqida xabar tarqaldi.
Shuningdek, xabarda aytilishicha go‘yoki mikroto‘lqinli pechdan foydalangandan so‘ng, ayol va erkaklar gormonlarining ishlab chiqarilishi buziladi, radiatsiya oziq-ovqat molekulalarining shikastlanishi va deformatsiyasiga olib keladi, oziq-ovqat minerallar, vitaminlar va ozuqa moddalarini yo‘qotadi.
HUKM: YOLG‘ON
Mikroto‘lqinlar elektromagnit nurlanishning bir turidir. Bu elektr va magnit energiya to‘lqinlarining makonda birgalikda harakat qilishini anglatadi. Mikroto‘lqinli pechlarda ishlatiladigan noionlashtiruvchi nurlanish zararli emas.
Ovqat mikroto‘lqinli energiyani o‘ziga yutsa ham, bu uni “radioaktiv” yoki “zararli” holga keltirmaydi. Mikroto‘lqinlarda noionlashtiruvchi nurlanish bo‘ladi, bu molekuladagi atomlarni harakatga keltiradi, lekin elektronlarni yo‘q qilmaydi. Mikroto‘lqinli pech o‘chirilgandan so‘ng, kamerada ham, ovqatda ham hech qanday mikroto‘lqinli energiya qolmaydi. Shu nuqtai nazardan, u elektr toki kabi ishlaydi, ya’ni viklyuchatel orqali yorug‘likni o‘chirganingizdan so‘ng lampochka o‘chadi va unga elektr uzatilmaydi.
Mikroto‘lqinli nurlanish oziq-ovqatning kimyoviy tarkibini o‘zgartirmaydi. Ovqat xavfsiz va an’anaviy pechda pishirilgan taomdagi bilan bir xil ozuqaviy qiymatga ega bo‘ladi. Bu ikki usul o‘rtasidagi asosiy farq shundaki, mikroto‘lqinli energiya oziq-ovqatga chuqurroq kirib boradi va undagi issiqlik o‘tish vaqtini qisqartiradi va shu bilan ovqatni tezroq isitadi.
Mikroto‘lqinli pechlar odatda qariyb o‘n yil xizmat qiladi. Agar sizniki uzoqroq ishlayotgan bo‘lsa va bundan tashvishlanayotgan bo‘lsangiz, uni yangisiga almashtirish vaqti keldi.