2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi qabul qilingan edi. Dastur doirasida davlat fuqarolik xizmatini zamonaviy standartlar asosida raqamlashtirish maqsadida 2023-yil avgust oyida “Davlat xizmatchisi” mobil dasturini joriy etish vazifasi belgilandi. Ijrochilar sifatida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ko‘rsatilgan.
Factchecknet.uz mazkur vazifa ijrosi qay darajada amalga oshganligini tekshirib ko‘rdi.
HUKM: BAJARILGAN
Taraqqiyot strategiyasi va davlat dasturining joylardagi ijrosi natijadorligini aholiga yetkazish bo’yicha “Inson qadri” onlayn portali ma’lumotlarga ko‘ra, “Davlat xizmatchisi” mobil dasturini joriy etish bo‘yicha ishchi guruh tuzilgan. Ushbu loyiha maqsadi Davlat fuqarolik xizmatini zamonaviy standartlar asosida raqamlashtirish, deb tavsiflangan. Mobil ilovani joriy etish ishlarini Davlat xizmatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan.
Bugunga kelib “Davlat xizmatchisi” mobil dasturi Android operatsion tizimli mobil qurilmalar uchun Play Market tizimida (havola t.ly/P_oJG) va iOS operatsion tizimli mobil qurilmalar uchun AppStore tizimida (havola t.ly/v7BmP) My ARGOS nomi bilan joylashtirilgan.

“Davlat fuqarolik xizmati yagona elektron axborot-tahlil tizimi” dasturiy-apparat kompleksi davlat organlari va tashkilotlarida xodimlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirish sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish maqsadida tashkil etilgan tizim hisoblanadi. 20 dan ortiq vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda yaratilayotgan dasturiy-apparat kompleksidagi quyi tizimlar respublikadagi bir qator vazirlik va idoralar tomonidan shakllantirilgan ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilingan.