50 litr suv bilan tumovni davolash: rost yoki yolg’on?

Ijtimoiy tarmoqlarda shifokor libosidagi shaxsning tumovni davolash choralari haqidagi videotavsiyalari tarqalmoqda. Unga ko‘ra, burun oqishi, tumovdan aziyat chekayotgan kishi taxminan 50 litr miqdordagi suvni boshidan quyib, keyin yuzi va peshonasiga bodom yog‘i sursa, tumovdan xalos bo‘ladi.

Faktchecknet.uz buni tekshirib ko‘rdi.

HUKM: YOLG‘ON

Yevropa pediatriya akademiyasining a’zosi, O’zbekiston pediatrlar Assotsiatsiyasi shifokori Artem Batmanovga ushbu videoga izoh berishini so‘rab murojaat qildik va shunday javob oldik: “Tumov haqida gapirganda shuni unutmaslik kerakki, uning bir qancha sabablari bor. Masalan, tumov infeksiya ta’sirida yuzaga kelgan bo‘lishi yoki allergik reaksiya natijasi yuzaga kelishi mumkin. Yuzni issiq suv bilan yuvish yoki iliq dush ortida turish tumovda hech qanday natija bermaydi. Bodom yog‘iga kelsak, aytishim mumkinki, uning tibbiy samaradorligi fanda isbotlanmagan. Shu sababdan ham bodom yog‘i tumovda yordam beradi yoki yordam bermaydi deb aniq aytib bo‘lmaydi. Yuqorida aytganimdek, tumovning sababiga qarab davo choralari turlicha bo‘ladi. Boshdan 50 litr miqdordagi suvni quyish fikrini esa eng kamida tabiatga, atrof-muhitga e’tiborsizlik, zarar yetkazish deb baholash mumkin”.

Avvalroq yozganimizdek, O‘zbekiston Adliya vazirligiga ko‘ra, ichimlik suvidan boshqa maqsadlarda foydalanish yoki oqilona foydalanmaslik suvni to‘xtatib qo‘yish uchun аsos hisoblanadi. Shuningdek, mazkur qoidalarni buzish, ya’ni suvdan xo‘jasizlarcha foydalanish fuqarolarga BHMning bir baravaridan (330 ming so‘m) uch baravarigacha (990 ming so‘m), mansabdor shaxslarga esa – besh baravaridan (1 mln 650 ming so‘m) o’n baravarigacha (3 mln 300 ming so’m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.