Jah Khalib kontsertida odamlar halok bo‘ldi: rost yoki yolg‘on?

Bu ma’lumot ijtimoiy tarmoqlarda mehmon yulduzning kontsertidan keyin paydo bo‘ldi. Xabarlarda jarohatlanganlar va qurbonlar haqida gapirilgan.

Factchecknet.uz bu ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirdi.

HUKM: FEYK

Toshkentda Jah Khalib konserti bo‘lib o‘tdi. Biroq, uning kontsertiga hamma ham kira olmadi. “Humo Arena” zaliga kirish eshiklari oldida uzundan uzun navbat hosil bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda odamlar o´z xavotirlari bilan bo‘lishib, olomon ichida go‘yoki  sodir bo‘lgan turli hodisalar haqida gapira boshladilar. Masalan, Milliy gvardiya xodimlari tomonidan kimdir jarohatlangani, hatto kimdir halok bo‘lganligi haqida aytishdi. Ushbu postlar yuzlab sharhlarga sabab bo‘ldi.

Chiptalarni sotish xizmati vakillari nima sababdan tiqilinch hosil bo‘lganini ma’lum qilishdi:

“Muxlislar zonasiga kirishni nazorat qilish chog‘ida kontsertga soxta chiptalarni rasmiy platforma orqali emas, balki boshqa saytlarda sotib olgan ko‘plab odamlar ishtirokida nazoratsiz navbat paydo bo‘ldi”.

Chayqovchilar va olibsotarlar tomonidan sotilgan yuzlab qalbaki chiptalar aniqlandi. Masalan, tadbirga kirishda bitta QR kod bilan 115 ta urinishlar qayd etilgan. Xizmat vakillari tadbirda qatnasha olmaganlarning pullarini qaytarishga vaʼda berishdi.

Milliy gvardiyaning xabar berishicha, jamoat tartibini buzishda gumon qilingan barcha fuqarolar voqea joyidan xavfsiz hududga olib chiqilgan. Qoidabuzarlik yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Qurbonlar yo‘q. O‘limlar haqidagi xabarlar ham feyk deb atalgan.

Poytaxt ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati “Humo Arena” yaqinidagi vaziyatga izoh berib, voqeaga shunday munosabat bildirdi:

“Ayrim ijtimoiy tarmoq faollari ushbu hodisa paytida bir necha fuqarolar yaralangani va halok bo‘lgani haqida tasdiqlanmagan xabarlarni tarqatmoqda. Tekshiruv davomida ushbu hodisada fuqarolarning jabrlangani yoki halok bo‘lgani haqida ma’lumotlar kelib tushmagan. Ijtimoiy tarmoq faollaridan tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘raymiz”.

Shuningdek, bosh boshqarma tomonidan 228-modda (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilindi.