O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotlariga asosan “Mubadala” (BAA) va uning sho‘ba korxonasi Masdar O‘zbekistonning energetika sohasiga sarmoya kiritib kelmoqda. 2020-yil 18-yanvar kuni vazirlik va “Masdar” kompaniyasi o‘rtasida Navoiy viloyatida quvvati 400 MVt boʻlgan shamol elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish boʻyicha Bitim imzolangandi. Ushbu shartnomaga ko’ra, kompaniyaning shamol elektr stansiyasini loyihalash, moliyalashtirish, qurish va ishlatish bilan shug‘ullanishi belgilangan bo’lib, qurilishga kiritilgan sarmoya hajmi 600 million dollarga baholangan. Obyektni 2022-yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan edi.
Factchecknet.uz ushbu obyektning foydalanishga topishirilgan yoki topshirilmaganligini tekshirib ko‘rdi.
HUKM: QISMAN BAJARILGAN
Biz bilan telefon orqali muloqot qilgan Energetika vazirligi matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, Covid-19 pandemiyasi davrida Navoiy viloyatining Tomdi tumanida qurilayotgan ShES qurilish ishlari to‘xtab qolgan. Vazirlikning rasmiy Telegram kanalida 2023-yil yanvar oyida e’lon qilingan xabarga ko’ra, mazkur obyekt uchun turbina va generatorlar olib kelisih maqsadida “Masdar” va Xitoyning “Goldwind” kompaniyalari o‘rtasida 111 ta turbinani yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan.
Xabarga ko’ra, mazkur elektr stansiya joriy yil yakunida ishga tushirilishi rejalashtirilgan va u Markaziy Osiyodagi eng yirik shamol elektr stansiyasiga aylanadi. Stansiya to‘liq ishga tushirilgach, yiliga 1 mlrd 800 mln kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Buning natijasida yiliga 540 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi va atmosferaga 720 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi.
Foto: Energetika vazirligi
2023-yil iyun oyida ushbu shamol elektr stansiyasini qurish loyihasi doirasida qurish belgilangan 111 trubinadan birinchi trubina qurib bitkazilgan. Uning balandligi 97 metr, shamol parraklarining har biri 77 metrni tashkil qiladi.