Ijtimoiy tarmoqlarda turli kasalliklarni davolashning an’anaviy usullari haqidagi xabarlar koʻp tarqatiladi.
Shu kunlarda Telegram kanallarining birida tish og‘rig‘i, siydik pufagi va bachadon yallig‘lanishini dafna (lavr) yaprog‘i qaynatmasi yordamida davolashning xalq tabobati usuli haqidagi xabar e’lon qilindi.
Xabarda shunday deyilgan: “Retsept quyidagicha: siz dafna yaprog‘i solingan suvni qaynatib, og‘zingizni chayishingiz kerak. Agar qaynatmani ichsangiz, siydik pufagi va bachadon yallig‘lanishini ketkazadi”.
HUKM: YOLG‘ON
Kariyes, pulpit, parodontit tish og‘rig‘ining asosiy sabablari bo‘lib, uni stomatologga borish orqali bartaraf etish mumkin.
Agar og‘riq mutaxassisning oldiga borish imkoniga ega bo‘lmagan vaqtingizda yuzaga kelsa, unda og‘riq qoldiruvchi vositalarni qabul qilishingiz kerak. Ularni qabul qilishdan oldin ham, albatta, qo‘llash tartibini diqqat bilan o‘qing va shifokor bilan maslahatlashing.
Og‘riq qoldiruvchi vositalar og‘riq belgilarini vaqtincha bartaraf etishga yordam beradi, ammo asosiy muammoni hal qilmaydi, dori ta’siri tugagach og‘riq qaytishi mumkin. Stomatologga borish og‘riq takrorlanishining oldini olish va asosiy sababni davolash uchun yagona yo‘l hisoblanadi.
Qovuq va bachadonning yallig‘lanishini davolash uchun ko‘p hollarda dori-darmon va maxsus parhez buyuriladi. Kasallikning xususiyatlarini, zararlanish darajasini va alomatlarni hisobga olgan holda, individual terapiya tanlanadi.
Internetdagi maslahatlarga ishonavermang. To‘g‘ri ma’lumot olish va davolanish uchun doim mutaxassisga murojaat qiling.