“Skazka” bog‘idagi haykallarga nima bo‘ldi?

17-sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi sobiq “Skazka” bog‘ida yog‘ochdan yasalgan haykallar demontaj qilingani haqida ma’lumot tarqaldi.

Aholi haykallar ko‘chirilgani yuzasidan xavotirlarini namoyon etdi va hokimiyat yana jamoatchilikni xabardor qilmaganidan g‘azablandi.

Shahar hokimligining 17-sentabr kuni kechqurun bergan xabarida yog‘ochdan yasalgan haykallar vaqtincha demontaj qilingani, ishlar va rekonstruksiya yakunlanganidan so‘ng ular o‘z joyiga qaytarilishini bildirgan.

Factchecknet.uz Toshkent hokimligi bergan va’daning bajarilishini tekshirib ko‘rdi.

HUKM: QISMAN BAJARILGAN

11-dekabr kuni shahar hokimligi sobiq “Skazka” bog‘i rekonstruksiyadan so‘ng qayta ochilganini ma’lum qildi.

Factchecknet.uz ushbu manzilga tashrif buyurdi. Faqat uchta haykal o‘z joyiga qaytarilgan. Parkda hali ham ta’mirlash ishlari davom etmoqda.Hokimlikning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, haykallarning bir qismi bedarak yo‘qolgan, bittasi ichkaridan chirish natijasida vayron bo‘lgan, qolgan uchtasi saqlab qolingan va “keyinroq chirishga yo‘l qo‘ymaslik uchun” beton poydevorga o‘rnatilgan.