Factchecknet.uz 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida bajarilishi belgilangan, va’da qilingan vazifalarni monitoring qilishda davom etadi.
Strategiya doirasida “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi qabul qilingan edi. Ushbu dasturda “Sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish uchun yanada qulayliklar yaratish va ularni qo‘llab quvvatlash” maqsadi belgilangan. Unga ko‘ra, 2023-yil oxirigacha O‘zbek tilidagi matnlarni o‘qish jarayonini avtomatlashtirish, matnni ovozga (Text-to-Speech) va ovozli ma’lumotlarni matnga (Speech-to-Text) o‘tkazuvchi dasturiy ta’minotni yaratish vazifasi belgilangan edi. Vazifa ijrosi Raqamli texnologiyalar vazirligiga yuklatilgan.
Factchecknet.uz dasturning mazkur bandi ijrosi bajarilganligini tekshirib ko’rdi.
HUKM: QISMAN BAJARILGAN
Taraqqiyot strategiyasi va davlat dasturining joylardagi ijrosi natijadorligini aholiga yetkazish bo’yicha “Inson qadri” portali ma’lumotlariga ko’ra, loyiha bo‘yicha matnni ovozga va ovozli maʼlumotlarni matnga o‘tkazuvchi modullar ishlab chiqilgan. Mazkur modullarda foydalanish uchun (2023-yil 1-noyabr holatiga ko’ra) 4,7 million matn hamda 350 soat ovoz (audio) yig‘ilgan.
Ovozlarni tiniq va ravon yozib olish va qayta ishlash uchun alohida audiostudiya yaratilib, ovozlarni ravon va tushunarli qilib yozish maqsadida, shartnoma asosida alohida erkak va ayol diktorlar yollangan.
Portalga ko’ra, ishlab chiqilgan dastur talabalar va yoshlar orasida telegram (@Aiclubchat_bot) messendjerida sinovdan o‘tkazilgan. Shuningdek, unga ko’ra maxsus dastur “Muxlisa AI” deya nomlangan. Muxlisa.uz sayti ishga tushirilib, matnni ovozga (Text-to-Speech) va ovozli maʼlumotlarni matnga (Speech-to-Text) o‘tkazuvchi dastur sinov tarzida ishga tushirilgan. Biroq hozirga kelib saytni ishlatishda texnik nosozliklar mavjud.

Telegramdagi https://t.me/muxlisa_ai manzili “aqlli yordamchi”ning rasmiy sahifasi sifatida ko’rsatilgan. Shuningdek, @muxlisa_ai_bot boti matnni ovozga aylantirib berish vazifasini bajaryapti.
So’zlarni to’g’ri talaffuz qilish bilan bog’liq xatoliklar mavjud. Loyihaning rasmiy telegram kanalida bot bilan bog’liq savol va muammolarni bildirish uchun maxsus chat tashkil qilingan.

Xususan, chatda foydalanuvchilar bot tomonidan “r” va “j” harflari talaffuzida muammolar borligi yozib qoldirilganliklarini ko’rish mumkin.