Ijtimoiy tarmoqlarda «Справедливая Россия – За правду» (Adolatli Rossiya – haqiqat uchun) partiyasi hamraisi Zaxar Prilepinning “Rossiya bugun” matbuot markazida o‘tkazilgan anjumandagi bayonoti repostlari tarqaldi.
U O‘zbekiston hududini Rossiyaga qo‘shib olish taklifi bilan chiqdi.

“Aslida, men mehnat muhojirlari bizga kelayotgan bu hududlarni butunlay qoʻshib olish va rus tilini joyida oʻrgatish tarafdoriman. Ularni bu yerda emas, balki joyida oʻrgatish uchun. Masalan, O‘zbekistonda. Men hazillashmayapman. Biz Sovet Ittifoqining parchalanishini rad etish mavzusini koʻtaramiz, bu bizga istalgan vaqtda: “Bizning ikki million fuqarolarimiz sizning hududingizda ekan, biz sizning hududingizga da’vo qilamiz. Chunki ko‘pchilik allaqachon shu yerda va ular hatto bunga ovoz berishgan”, — deb aytishga imkon beradi”, — dedi Prilepin.
Factchecknet.uz ushbu bayonotni o‘rganib chiqdi.
HUKM: MANIPULYATSIYA
Bu bayonotlarga Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherboyev va deputat Inomjon Qudratov, “Yuksalish” harakati rahbari Bobur Bekmurodov javob berdi. Ular O‘zbekiston mustahkam suverenitetga ega mustaqil davlat ekanini alohida ta’kidladilar. Mudofaa vazirligi mamlakat xavfsizligini taʼminlash uchun yetarli darajada tayyor ekanini eslatdi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining munosabati
Prilepinning bayonoti Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Oleg Malginovning O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilishiga sabab bo‘ldi.
Elchiga “Rossiya Federatsiyasidek do‘st mamlakat partiyasi rahbarlarining bunday o‘ylamasdan aytilgan bayonotlari, chuqur afsuski, O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhiga to‘g‘ri kelmaydi. Bunday bayonotlar Rossiya ommaviy axborot vositalarida keng tarqalgan bo‘lsa-da, ataylab provokatsion xarakterga ega va xalqlarimiz o‘rtasida o‘rnatilgan tarixiy do‘stona munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin” ekani tushuntirildi.
Elchi Prilepinning soʻzlari “Rossiya Federatsiyasi rahbariyatining doʻst va mustaqil Oʻzbekiston haqidagi rasmiy pozitsiyasiga hech qanday aloqasi yoʻq” ekanini bildirdi. Shuningdek, “uning mamlakatida O‘zbekiston Respublikasining suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi hech qachon shubha ostiga olinmagan”ini aytdi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligining munosabati
Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova Prilepinning bayonotlariga javoban, bu uning shaxsiy fikri, bu Rossiya Federatsiyasining rasmiy pozitsiyasini hatto uzoqdan aks ettirmasligini bildirdi.
Shuningdek, u Rossiya va Oʻzbekistonni har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari bogʻlab turishini taʼkidladi.
“Rossiya va Markaziy Osiyoni umumiy tarix, yaqin insoniy va madaniy aloqalar, savdo-iqtisodiy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xo‘jalik munosabatlar birlashtiradi. Davlatlarimiz va hukumatlarimiz rahbarlari vazirliklar, idoralar, hududlar rahbarlari oldiga imtiyozli aloqalarni izchil rivojlantirish vazifasini qo‘yadi. Bundan tashqari, biz har doim bir-birimizga yordam berishga tayyormiz, bu bir necha bor amallar bilan tasdiqlangan (koronavirus pandemiyasi davrida o‘zaro yordam, jabrlangan hududlar aholisiga insonparvarlik yordami, Markaziy Osiyoda anomal sovuq tushishi davrida Rossiya energiya resurslarini yetkazib berish, va boshqalar.). Migratsiya mavzusiga kelsak, Rossiya tomoni chet eldan, birinchi navbatda, do‘st mamlakatlardan mehnat resurslarini jalb qilish ham Rossiya, ham bunday xizmatlarni eksport qiluvchi davlatlar manfaatlariga javob berishini bir necha bor ta’kidlagan. Ayni paytda migratsiya sohasidagi hamkorlikni yanada tartibli va o‘zaro manfaatli qilish maqsadida tartibga solish, tashkiliy, axborot va boshqa chora-tadbirlarning butun majmuasi ustida ish olib borilmoqda”, — dedi Zaxarova.
Prilepinning so‘zlari ortida nima bor?
Bunday keskin bayonot Rossiyada prezidentlik saylovlari uch oydan so‘ng o‘tkazilishi belgilangan vaziyatda yangradi. Zaxar Prilepin ham mamlakatlarning amaldagi rahbarining saylovoldi guruhiga qo‘shildi. U o‘z nutqida siyosiy tashviqotning bir qancha usullaridan foydalangan.
Masalan, yarim haqiqatdan foydalandi. Bayonotlarda “ikki million fuqaro” degan raqam bor, bu haqiqatga yaqin. Vaholanki, O‘zbekiston aholisi 36 million kishidan oshadi, demak, 2 million kishi bor-yo‘g‘i 5,6 foizni tashkil etadi. Shunday qilib, Prilepin Rossiyada O‘zbekiston fuqarolarining ko‘pchiligini aytib, yolg‘on gapirmoqda. Nayrangiga e’tibor qarataylik: haqiqatga yaqin bir fakt (2 million gosterbayter) ortida odamlarning ongiga katta yolg‘onni olib kirishga urinish mavjud.
“Biz Sovet Ittifoqining qulashini inkor etish mavzusini ko‘taramiz” iborasi jamoat ongini manipulyatsiya qilishdir, spiker Sovet Ittifoqini ideallashtiradigan va uni tiklashni orzu qiladigan aholining marginal qismining his-tuyg‘’ularida o‘ynashga harakat qilmoqda.
Prilepinning bunday qarorlarni qabul qilish uchun hech qanday ta’sir kuchlari yo‘q. Ham O‘zbekiston, ham Rossiya tashqi siyosat idoralari bunday rejalar mavjudligini rad etadi.
“Ruslar qancha ko‘p bo‘lsa, bizga kelib o‘zini noto‘g‘ri tutadigan odamlar bilan bog‘liq muammolar shuncha kam bo‘ladi” iborasi aniq shovinistik ohanglar bilan mantiqiy zanjirni ataylab buzishdir. Shovinizm va provokatsiyalar tizimli muammolarni hal qilmaydi va shubhali shuxrat qozongan “nokorrekt” o‘zini tutish odatda har ikki tomondan paydo bo‘ladi.
Zaxar Prilepin saylov guruhidagi ishtirokini ambitsiyaga boy va populistik nutq bilan boshladi va bitta kichik bayonotda u bir nechta targ‘ibot va manipulyatsiya usullarini to‘pladi, ammo rasmiy va fuqarolik darajasidagi tezkor reaktsiya xavfli provokatsiyani o‘z vaqtida to‘xtatdi.