Tunda chiroq ostida uxlash xavflimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarga ko‘ra, tunda chiroqni yoqqan holatda uxlash sog‘liq uchun xavfli va sog‘liq bilan bog‘liq bir qator muammolarga sabab bo‘ladi. Xabarda, barcha yorqin chiroqlarni o‘chirib uxlash tavsiya etilgan. 

Factchecknet.uz ushbu xabarni tekshirib ko‘rdi.

HUKM: ROST

Bir nechta nashrlar tunda chiroq yoqib uxlashning zararli ta’sirlari haqida maqolalalar va izlanishlar natijalarini e’lon qilganlar (1, 2, 3, 4, 5). Xususan, “Healthline” tibbiy nashri bu holatning zararli jihatlarini ilmiy asoslaydi. 

Ma’lum bo‘lishicha, har qanday chiroqni yoniq qoldirgan holda uxlash tungi hordiq uchun zararli hisoblanadi. Keyinchalik yetarli darajada sifatli uxlamaslik ko‘plab sog‘liq muammolariga olib kelishi mumkin. Uyqu paytida yorug‘lik ta’siri miyaning chuqur uyquga erishishini qiyinlashtiradi. Chiroq yoqilgan holda uxlash depressiyaga ham olib kelishi mumkinligi aytiladi. Shuningdek, elektron qurilmalardan chiqadigan ko‘k nur kishining kayfiyatiga yomon ta’sir qilishi mumkin.

Ayollar bilan olib borilgan bir tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, semizlik televizor yoki chiroqni yoqib uxlaydiganlarda ko‘proq uchraydi.

Shuningdek, yetarli darajada sifatli uyquga ega bo‘lmaslik kishidagi ertangi kunning hushyorligiga salbiy ta’sir qiladi. Agar siz mashina yoki boshqa turdagi mexanizmlarni boshqarsangiz, bu yanada xavfli bo‘lishi mumkin. Keksa odamlarda, ayniqsa, noxush holatlar nisbatan ko‘proq kuzatilishi mumkin.

Agar yorug‘lik uzoq vaqt davomida sifatli uyquga xalaqit bersa, ayrim surunkali kasalliklarga chalinish xavfi yuqori bo‘lishi mumkin. Bularga yuqori qon bosimi (gipertenziya), yurak kasalliklari va 2-toifa diabet kiradi.

Doimiy chiroq ostida uxlashga o‘rganganlar nima qilishlari kerak?Agar siz uxlaganda chiroq yoqib qo‘yishga odatlangan bo‘lsangiz, birdaniga sog‘lom odatlarni shakllantirish qiyin. Bunda siz kichkina qizil rangli tungi lampadan foydalanishni boshlashingiz mumkin, keyin qorong‘ilikka o‘rganib qolganingizdan so‘ng undan foydalanishni to‘xtatish imkoni bo‘ladi. Qizil tungi lampalar melatonin ishlab chiqarishga boshqa rangli lampalar kabi bir xil zararli ta’sir ko‘rsatmasligi aniqlangan.