Davos forumi ekspertlari shunday xulosaga kelishdi.
Qisqa muddatli xavflar ro‘yxatida dezinformatsiya birinchi o‘rinni egalladi, deb xabar beradi RBK. Ilgari yashash narxining koʻtarilish xavfi yuqori boʻlgan, ammo texnik va texnologik imkoniyatlarning rivojlanishi bilan ustuvorliklar oʻzgardi.
Bu haqda Jahon iqtisodiy forumi tomonidan tayyorlangan global risklar bo‘yicha hisobotda aytiladi. U 1490 nafar ekspertning fikriga asoslanadi. Mutaxassislarning yarmidan koʻpi, ya’ni 53 foizi dezinformatsiyani “Texnologiya” sohasidagi asosiy xavf deb hisobladi.
“Ikki yillik davr mobaynida dezinformatsiya tezda reytingda birinchi oʻringa koʻtarildi va bu yil bir qancha mamlakatlarda saylovlar oʻtkazilayotgani sababli xavf yanada kuchayishi mumkin”, — deyiladi hisobotda.
Tahdidlar orasida keyingi oʻrinda kiberhujumlar va sunʼiy intellekt texnologiyalarining salbiy taʼsiri turadi. Mutaxassislarning fikriga koʻra, dezinformatsiya qisqa muddatda — keyingi ikki yil ichida eng katta xavf tugʻdiradi. Shuningdek, qisqa muddatli xavflar roʻyxatida:
- ekstremal ob-havo sharoiti;
- ijtimoiy yoki siyosiy qutblanish;
- davlatlararo qurolli mojarolar;
- iqtisodiy imkoniyatlarning yetishmasligi;
- inflyatsiya;
- majburiy migratsiya;
- retsessiya;
- ifloslanish ham mavjud.
Uzoq muddatli xavflar ichiga iqlim oʻzgarishi, biologik xilma-xillikning yoʻqolishi va resurslar tanqisligi kiradi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, sun’iy intellektdan foydalanish ham soxta ma’lumotlarning koʻpayishiga ta’sirini oʻtkazmoqda, chunki soxta veb-saytlardan tortib murakkab ovozli klonlash usullargacha allaqachon ma’lum.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Factchecknet.uz aholini aldashda sun’iy intellektdan turli sxemalar yaratishda foydalanilgani haqida xabar bergan edi. Masalan, Bosh vazir Abdulla Aripov va tadbirkor Alisher Usmonov bilan dipfeyk va asl saytlarga taqlid qiluvchi veb-saytlar haqida ma’lumotlar bergan edik. Videomateriallardagi o‘zgarishlarni aniqlash vositalari haqida ham axborot berganmiz.