O‘zbekiston bir necha yildan buyon chiqindilarni saralab yig‘ishni tashkil etishga harakat qilishmoqda. Bu amaliyot yangi emas, balki xorijda mavjud va rivojlanganib ulgurgan. Misollarni Germaniya, Norvegiya, Finlyandiya va Belgiya tajribasida ko´rish mumkin. Bizning mamlakatimizda-chi, ishlar qanday ketmoqda?
Factchecknet.uz ushbu masalani o‘rganib chiqdi.
HUKM: BAJARILMAGAN
Chiqindilarni saralab yig‘ish haqida 2012-yilda gapira boshlashgan. O‘shanda Toshkentda chiqindilarni to‘rt rangdagi paketlarga majburiy saralash ko‘zda tutilgan. Hokim qarori bilan aholi ularni o‘zi sotib olishi kerak edi. Bu alohida chiqindilar saralangan paketlarni rangli konteynerlarga tashlanishi kerak edi. Unda chiqindilarni quyidagi turlarga bo‘lish taklif qilindi:
- plastmassa uchun havorang;
- qog‘oz uchun oq;
- oziq-ovqat chiqindilari uchun sariq;
- boshqa chiqindilar uchun qora paketlar;
- va ishlatilgan simob lampalar uchun maxsus konteynerlar.
OAV ham 2018-yilda chiqindilarni alohida yig‘ish boshlanishi haqida yozgandi. 2019-yilda aholiga chiqindilarni saralash uchun aholiga pul to‘lash ham taklif qilingandi. Biroq, bu fikr amalga oshmadi.
Keyinchalik chiqindilarni rangli paketlarga ajratish rejalari yana paydo bo‘ldi. Vazifalar Prezidentning 2020-yil 15-dekabrdagi qarori bilan 2021–2025-yillarda Toshkent shahrida isteʼmolchilarning qattiq maishiy chiqindilarini alohida yigʻish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”da belgilab berildi. Biroq, bitta rang gradatsiyasiga erishishning iloji bo‘lmadi. Buni rasmiy manbalarda e’lon qilingan xabarlardan ham bilish mumkin.
2021-yil 23-fevral kuni “Maxsustrans” DUKda bo‘lib o‘tgan yig‘ilish yakunlari bo‘yicha poytaxt hokimligi matbuot xizmati Toshkent shahridagi 24 ta mahallada (poytaxtning har bir tumanida ikkitadan), qattiq maishiy chiqindilarni alohida yig‘ish yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berdi.
Ushbu mahallalar aholisiga rangli paketlar tarqatish rejalashtirilgan edi:
- sariq rangli paketlar qayta ishlanadigan chiqindilar uchun (qog‘oz va plastmassa);
- yashil – organik chiqindilar uchun (oziq-ovqat, barglar, o‘tlar);
- kulrang – qayta ishlanmaydigan chiqindilar uchun (poyabzal, salfetkalar, bolalar tagliklari).
Hokimlik matbuot xizmatining 2021-yil 28-oktabrdagi videoroligida esa ranglar boshqacha ko‘rsatilgan. “Maxsustrans” davlat unitar korxonasi direktori oʻrinbosari Sherzod Kattaxoʻjayevning aytishicha, tajriba-sinov loyihasi doirasida aholiga uch turdagi paketlar tarqatilgan:
- jigarrang rang – organik chiqindilar uchun;
- havorang – noorganik qayta ishlanadigan chiqindilar uchun;
- kulrang – umumiy axlat uchun.
Bu holda, ular bepul tarqatilgan. Mutaxassisning ta’kidlashicha, har bir paket turi uchun alohida mashina kelgan.
2024-yil 4-yanvarda Prezidentning “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, 2024–2026-yillarda Toshkent, Angren, Andijon, Buxoro va Termiz shaharlari hamda Toshkent viloyatidagi ko‘p qavatli uylar hududida joylashgan chiqindilarni yig‘ish maydonchalarida chiqindilarni “qayta ishlanadigan”, “qayta ishlanmaydigan” va “oziq-ovqat” toifalariga saralab yig‘ishni tashkil etish rejalashtirilgan.
2024-yil 1-iyulga qadar mazkur hududlardagi sanitariya tozalash korxonalari chiqindilarni yig‘ishni tashkil etish va toifalarga ajratish uchun fuqarolarga quyidagi turdagi maxsus chiqindi paketlarini (QR-kodli) bepul taqdim etishi rejalashtirilgan:
- rangsiz, shaffof – qayta ishlanadigan qattiq maishiy chiqindilar uchun;
- qora – qayta ishlanmaydigan qattiq maishiy chiqindilar uchun;
- jigarrang – oziq-ovqat chiqindilari uchun.
Ko‘rib turganingizdek, chiqindilarni alohida yig‘ishni joriy qilish uchun har bir yangi urinishda paketlarning ranglari o‘zgarmoqda. Bu nafaqat mahalliy ijrochilarni, balki aholini ham chalg‘itishi mumkin. Yuqori pog‘onada qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlar mavjudligi va tizimli ishlar amalga oshirilayotganiga qaramay, chiqindilarni saralab yig‘ishga haligacha erishib bo‘lmadi. Biroq, bu va undan keyingi yillar uchun ham xuddi shunday maqsadlar qo‘yilgan. Ehtimol, kelajakda ularga erishish mumkin bo‘lar. O‘zbekistonda qachon chiqindilarni saralab yig‘ishga erishiladi, degan savol hozircha javobsiz qolmoqda.