Ayollar va ta’lim. Raqamlar so‘zlaganda

Xotin-qizlarning ta’lim olishiga to‘siqlar borligi haqidagi gaplar O‘zbekistonda tez-tez quloqqa chalinadi. Xalqaro tashkilotlar chaqiriqlarida ham O‘zbekistonda ayollar ta’limiga e’tibor qaratish kerakligi eslanadi. Xususan, YuNISEF xalqaro tashkiloti O‘zbekistonda davlat tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va hamjamiyatlarni ayollarning oliy ma’lumot olish hamda ishga kirish imkoniyatlaridan teng foydalanishni ta’minlaydigan platformalarni kengaytirishga chaqirgan va quyidagilarni amalga oshirishni tavsiya etgan:

  • xotin-qizlarning iqtisodiy, siyosiy va jamoat sohalaridagi faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlash;
  • qizlarni yosh turmushga berish va oliy ma’lumot olishga to‘sqinlik qilish singari salbiy ijtimoiy me’yorlarga barham berishga qaratilgan kampaniyalarni o‘tkazish.

Xo‘sh, O‘zbekistonda xotin-qizlarning ta’lim imkoniyatlari va ko‘rsatkichlari bo‘yicha statistika qanday? Mamlakatda qancha xotin-qiz ta’lim bilan qamrab olingan? Bugungi data-storyda shu haqida fikr yuritamiz.

25 yosh va undan katta yoshdagi ayollar va erkaklarning ta’lim darajasi

2022-yil holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 25 va undan katta yoshdagi jami xotin-qizlardan 14,1 foizi oliy ma’lumotga ega edi.

Maktabdan keyingi ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari tarkibida ayollarning ulushi

2022-yilda respublika bo‘ylab maktabdan keyingi ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari tarkibida ayollar ulushi 46,5 foizni tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkich viloyatlar kesimida quyidagi ko‘rinishda bo‘ladi:

Kasb-hunar maktablarida o‘qituvchilarning jinsi bo‘yicha ulushi 2021/2022-o‘quv yilida kasb hunar maktablarida o‘qituvchilarning 50,4 foizini ayollar tashkil qilgan.

Oliy taʼlim tashkilotlarida tahsil olayotgan talabalarning jinsi bo‘yicha ulushi 

2022-2023-yil o‘quv yili ko‘rsatchiklariga ko‘ra, O‘zbekistonda oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan jami talabalarning 47,5 foizini xotin-qizlar tashkil qiladi. Xususan, magistraturada tahsil olayotgan xotin-qizlar ulushi 52,8 foizga teng.

Tayanch doktoranturada tahsil oluvchilarning jinsi bo‘yicha soni

Erkak va ayollar ta’limi ko‘rsatkichlaridagi keskin farq faqat shu nuqtada bilinadi. 2022-yilda respublikada doktorantlar soni quyidagicha edi:

  1. Ayol doktorantlar soni - 2372 ta;
  2. Erkak doktorantlar soni - 3375 ta.

Respublikadagi jami band aholi sonining 41,2 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Bu 5,647,6 ming kishi demakdir. Ayollar shug‘ullanadigan faoliyat turlari bo‘yicha dominantlik quyidagicha:

  1.  Qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi - 26,6 foiz;
  2. Ta’lim - 16,3 foiz;
  3. Sanoat - 13,6 foiz;
  4. Savdo - 12,9 foiz va boshqalar.

Yana bir qiziq jihati shundaki, ta’lim va sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya ko‘rsatish sohalarida faoliyat yuritadigan jami xodimlarning 70 foizidan ortig‘i ayollar hisoblanadi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda xotin-qizlar ta’limi statistik jihatdan oqsaydi degan qarashni ilgari surib bo‘lmaydi. Raqamlarda (doktoranturani hisobga olmaganda) xotin-qizlar va erkaklar ta’limida keskin farqlar kuzatilmaydi. Biroq nikoh, homiladorlik va farzand tarbiyasi kabi omillar, haq to‘lanmaydigan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish kabi faktorlar nuqtai nazaridan ayollarning sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini baholash muhim. Sababi, taqqoslash uchun, birinchi farzand dunyoga keltirishning eng keng kuzatilgan yosh chegarasi 20-24 yoshni tashkil etadi va mos ravishda bu davr oliy ta’limda tahsil olish davridir.