O‘zbekistonda aksariyat banklar davlatga tegishli hisoblanadi, shu sababdan ham ular moliyaviy hisobotlarini taqdim qilib borishadi. Shu qatorda ushbu banklar tomonidan o‘tkaziladigan xaridlar ham davlat xaridlari hisoblanadi.
Afsuski, banklarning ba’zi davlat xaridlarida qonun buzilishi kuzatiladi. Ushbu maqolada, yaqinda tuzilgan, qonun buzilishi ehtimoli bo‘lgan bir necha xaridlarni ko‘rsatib o‘tamiz.
Mikrokreditbank
O‘zbekistondagi yirik banklardan biri hisoblangan “Mikrokreditbank” 22-noyabr kuni deyarli 2 milliard so‘mlik tender natijalarini e’lon qildi. Tender shartlariga ko‘ra, g‘olib korxona “Mikrokreditbank”ning Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani filiali binosini loiyha-smeta xujjatlari va ekspertiza xulosalari asosida mukammal ta’mirlash ishlarini amalga oshirishi kerak.
Tenderda ikkita korxona qatnashdi: “Brend quruvchi” xususiy korxonasi va “Makon-biznes-Angor” MChJ.
Qizig‘i shundaki, “Brend quruvchi”ning ta’sischisi va rahbari Primqulov Burxon Xolmuratovich hisoblanadi, “Makon-biznes-Angor”ning ta’sischisi va rahbarining ismi esa Primqulov Mansur Xolmurotovich. Ushbu fakt bu ikki firma rahbarlari o‘zaro qarindosh degan ehtimolni keltirib chiqaradi. Aynan shu sababdan bu tender g‘olibi oldindan aniq bo‘lgan bo‘lishi va kelishilgan bo‘lishi mumkin, bu esa o‘z navbatida “Raqobat to’g’risida”gi qonunga zid.


Ushbu ikki shaxsning qarindoshlik ehtimolini chetga surib qo‘gan taqdirda ham, bu tender jarayoniga savollar kamaymaydi. Ikki korxona yuklagan ma’lumotlarda “Brend quruvchi” har bir talab bo‘yicha hujjatlarni yuklagan, “Makon-biznes-Angor” esa barcha punklarda deyarli bir hil hujjat, ya’ni ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotni kiritib o‘tgan. Bunday holatda “Makon-Biznes-Angor” narx belgilash jarayonigacha diskvalifikatsiya qilinishi va tenderda bitta ishtirokchi qolgani uchun u qayta o‘tkazilishi kerak edi, ammo bu holat komissiya a’zolari tomonidan e’tiborsiz qoldirilgan.
Agrobank
“Agrobank” bank sektori davlat xaridlarida anchagina faol hisoblanadi. Turli yo‘nalishlarda xaridlarni amalga oshiruvchi ushbu bankning xaridlarida ham afsuski shubhali holatlar bo‘lib turadi.
Shunday xaridlardan biri 10-noyabr kuni yakunlandi. O‘tkazilgan tenderning yakuniy narxi 1,2 milliard so‘mni tashkil qiladi. Tender bank uchun turli videoroliklar tayyorlash maqsadida o‘tkazilgan. Tenderda 4 ta korxona qatnashgan, ammo narx belgilash bosqichiga faqat ikkitasigina o‘ta olgan: “VERTIGO PRODUCTION GROUP” MCHJ va “SADIKOV ZOXID
TAXIROVICH” (xususiy korxona). Umuman olganda, bir qarashda ushbu ikki korxona bir biriga umuman bog‘liq emasdek.
Ammo yuklangan tender xujjatlarida qiziqarli bir holatni payqash mumkin. Ikki korxona amalga oshirilgan ishlar sifatida keltirgan hujjatdan parchaga e’tibor bering, qandaydir farq sezyapsizmi?


Ushbu holat “SADIKOV ZOXID TAXIROVICH” “VERTIGO PRODUCTION GROUP” bilan hamkorlik qiladi degan gumonni keltirib chiqaradi. Bir biriga bog‘liq bo‘lmagan ikki korxona bir xil rasmlar keltirilgan portfolio taqdim etishi qanchalik ishonchli? Ushbu holat mas’ul organlar tomonidan tekshirilishi kerak.
“Agrobank”, shuningdek, 14-dekabr kuni bankning PCI DSS standartlariga to‘g‘ri kelishi bo‘yicha audit o‘tkazuvchi tashkilotni aniqlash bo‘yicha tender o‘tkazdi. Tenderda asosan Rossiya banklari bilan hamkorlik qiladigan “Rakasta” MChJ va “Expera Digital Consulting” qatnashadi. “Expera Digital Consalting” asosan saytlar yaratish, mobil ilovalar tayyorlash va ish jarayonini yaxshilashga ko‘maklashish bilan shug‘ullanadi.
“Expera Digital Consulting”:

“Rakasta”:

“Expera Digital Consulting” PCI DSS sertifikatsiyasini amalga oshirishi bo‘yicha hech qanday ma’lumot taqdim etilmagan. Ushbu tender mas’ul organlar tomonidan o‘rganilishi kerak. Sababi, agar “Expera Digital Consulting” tender talablarida keltirilgan ishni bajarish huquqiga ega bo‘lmasa, unda tender talablariga javob bermaydi, “Rakasta” esa aynan shu huquqqa ega kompaniya bilan raqobatlashishi kerak edi.
Ushbu holatlar banklar tomonidan o‘tkaziladigan tenderlar batafsil tekshiruvga muhtojligini ko‘rsatadi, keltirilgan ma’lumotlar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan o‘rganib chiqilishi kerak.