Simsiz quloqchinlar miya saratoniga olib kelishi rostmi?

Telegram kanallarida simsiz quloqchinlardan foydalanish miya saratonini keltirib chiqarishi haqidagi xabar tarqalmoqda.

“Bunday naushniklar radioto‘lqinlar yordamida miyaga zarar yetkazadi”, — deyiladi xabarda.

HUKM: YOLG‘ON

2015-yilda mobil telefonlar, Wi-Fi va chaqaloqlarning radioenagalari kabi elektron qurilmalarning nurlanish xavfi haqida mish-mishlar keng tarqaldi. Bu bir nechta tadqiqotlar mobil telefonlardan uzoq muddatli radiatsiya ta’siri, ehtimol, miya shishlari bilan bog‘liqligini taxmin qilganidan keyin paydo bo‘ldi.

Jamoatchilik tadqiqot haqida bilganidan so‘ng, simsiz minigarnituralar va dinamiklar odamlarda  miya saratonini keltirib chiqarishi mumkinmi, degan savol tug‘ildi.

Tadqiqot butun dunyodan 200 nafardan ortiq olimlarni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Birlashgan Millatlar Tashkilotiga (BMT) petitsiya orqali murojaat qilishga undadi. Tadqiqotchilar ulardan elektromagnit nurlanish bilan bog‘liq qat’iy qoidalarni joriy etishni so‘rashdi.

2019-yilda AirPods va boshqa simsiz Bluetooth-garnituralarining mashhurligi oshishi bilan birga Bluetooth va saraton kasalligi haqidagi munozaralar yana avj oldi.

Elektromagnit nurlanishning ikkita asosiy turi mavjud:

– Ionlashtiruvchi: bu turdagi nurlanish nisbatan yuqori chastotaga ega. U inson hujayralari, DNK yoki genetik materialga zarar etkazishi mumkin. Ionlashtiruvchi nurlanishning manbai asosan rentgen apparatlaridir.

– Ionlashtirmaydigan: bu turdagi nurlanish past chastotali va odatda odamlarda salbiy reaktsiyalarni keltirib chiqarmaydi. Ionlashtirmaydagan nurlanish manbalariga uyali telefonlar, Bluetooth qurilmalari, Wi-Fi tarmoqlari, televizorlar va kompyuterlar kiradi.

Bluetooth texnologiyasi ionlashtirmaydagan bo‘lib, u saraton kasalligini keltirib chiqarmaydi.

Kaliforniya Sog‘liqni saqlash departamenti tomonidan 2019-yilda o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, Bluetooth qurilmalari chiqaradigan radiatsiya miqdori mobil telefonlar chiqaradigan nurlanish miqdoridan 10 dan 400 baravargacha kam.

Hozirda Bluetooth qurilmalari saraton xavfini oshirishi haqida hech qanday dalil yo‘q.

Quloqchinlar eshitish qobiliyati uchun xavfsizmi?

Qaysi turdagi minigarnituralardan foydalanishingizdan qat’iy nazar, sog‘liq uchun oz miqdordagi nurlanishdan ko‘ra ko‘proq  xavflarni keltrdigan narsalardan ehtiyot bo‘lish muhimdir.

Eshitish vositalaridan mas’uliyat bilan foydalanmasangiz, eshitish qobiliyatiga zarar keltirishi mumkin. Minigarnituralardan foydalanishni muntazam tanaffuslar va ovoz balandligini 60-80% dan oshirmasdan kuniga 60-90 daqiqagacha cheklash yaxshidir. Agar 90 daqiqadan ortiq tinglasangiz, ovoz balandligini pasaytirib qo‘ying.Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) shovqinni kamaytiruvchi minigarnituralardan foydalanishni tavsiya qiladi.