“Reuters” Ilon Maskning 1969-yilda NASA Oyga qo‘nganiga ishonchsizlik bildirgan videoni tahlil qildi.
Xabar qilinishicha, vizual effektlar va audiolar YouTube’ga yuklangan asl videodan montaj qilingan, unda u koinotni yaxshiroq anglashga intilishi haqida gapirgan.
Asl video 2023-yil iyun oyida chop etilgan. Unda Mask “Edison International” prezidenti va bosh direktori Pedro Pizarro bilan Edison elektrotexnik institutining yillik yig‘ilishida suhbatlashgandi.
Biroq X va Facebook ijtimoiy tarmoqlarida videoning o‘zgartirilgan versiyalari paydo bo‘ldi.
Maskning qo‘l harakatlari YouTube’da internetda tarqalayotgan videodagi 48:16 va 48:58 vaqt belgilaridagilariga to‘liq mos keladi, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, YouTube’dagi asl videoda Mask NASAning Oyga qo‘nishiga shubha bildirib gapirmagan. Mask va Pizarroning suhbati asosan elektromobillarning kelajagi haqida edi.
Ilgari Factchecknet.uz Ilon Mask va “OpenAI” kompaniyasi ong va shaxsiyatga ega neyrotarmoq yaratgani rostmi yoki yoʻqligi haqida ma’lumot bergan edi.