“To‘liq muallifning vijdoniga havola”: Rossiya TIV — Smolinning so‘zlari haqida

Tarixchi Mixail Smolin Rossiyaning NTV telekanalida 1917-yilgi inqilobgacha o‘zbeklar va qozoqlar millat sifatida mavjud bo‘lmagan, degan bayonot qildi. Uning iqtiboslari OAV va Telegram kanallarida tarqaldi.

“To‘liq muallifning vijdoniga havola”: Rossiya TIV — Smolinning so‘zlari haqida

Suratda Mixail Smolin

 “…Masalan, oʻzbeklar inqilobgacha umuman boʻlmagan, bunday etnik nom ham boʻlmagan. Bir necha Markaziy Osiyo xalqlaridan olib, o‘zbeklarni yaratishgan”, — dedi Smolin “Mesto vstrechi” (Uchrashuv joyi) tok-shousida.

Uning fikri salbiy aks sadolarni keltirib chiqardi. Masalan, sobiq deputat, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining maslahatchisi Rasul Kusherboyev jamiyatni himoya qilish maqsadida mamlakatimizda targ‘ibot-tashviqot kanallarini ko‘rsatishni taqiqlashni taklif qildi.

Factchecknet.uz vaziyat o‘rganib, atamalarni tahlil qildi, shuningdek, boshqa mutaxassislarning fikrlarini ham o‘rganib chiqdi.

HUKM: YOLG‘ON

Tarixchi Smolin o‘zbeklar haqida gapirar ekan, “bunday etnik nom bo‘lmagan” dedi. Keling, terminologiyaga murojaat qilaylik. Etnos — bu ijtimoiy yaxlitlikka va o‘ziga xos individual xatti-harakatlar stereotipiga ega bo‘lgan tarixan shakllangan odamlar jamoasi.

Boshqa nuqtai nazarlar

Tarix fanlari doktori, koʻplab kitoblar, monografiyalar va ilmiy maqolalar muallifi Abdulaxat Xoʻjayev avvalroq oʻzbek etnonimi (turli hildagi etnik jamoalarning nomlari) nisbatan yosh ekanligini, ammo bu xalqning yaqinda paydo boʻlganligini anglasligini aytgan.

“O‘zbeklar turkiy tilli xalqlardan biridir. Barcha turkiy lahjalar ichida kundalik oʻzbek tili uygʻur tiliga eng yaqin tildir, chunki etnik kelib chiqishi jihatidan bu qoʻshni millatlar koʻp umumiyliklarga ega. Ikki ming yildan ortiq vaqt davomida xalqlarning koʻchishi jarayonida uygʻur qabilalarining salmoqli qismi oʻzbeklar tarkibiga kirdi. Bu qabilalar orasida uchta karluk qabilasi ham bo‘lgan. Uygʻur etnonimi “uy uguz” iborasidan kelib chiqqan boʻlib, “birlashgan oʻgʻuz” maʼnosini bildiradi. Ma’lumki, VIII asrda birlashgan o‘g‘uzlar (uyg‘urlar) tarkibiga 30 turkiy qabilalar kirgan”, — dedi Abdulaxat Xo‘jayev.

“Tarixchilar, qoida tariqasida, u yoki bu talqin haqida turli xil fikrlarga ega boʻladi. Tarix fanlari doktori Sergey Abashinning “Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston xalqlari” tadqiqotiga koʻra, o‘zbeklar uchun hududiy-ijtimoiy birlashuvning tarixiy lahzasi XI-XII-asrlardagi qoraxoniylar davlati hisoblanadi, o‘shanda O‘rta Osiyoning ikki daryo oraligʻida turkiy tilli xalqning asosiy o‘zagi shakllangan, u keyinchalik o‘zbeklar etnik nomini qabul qilgan. Shunday qilib, XI-XII-asrlarda ikki daryo oralig‘ida shakllangan turkiy tilli aholi oʻzbek xalqining asosini tashkil etgan”, — deb xulosa qiladi muallif.

Amerikalik tarixchi Adib Xolid Oʻzbekiston “sovet manipulyatsiyasining sun’iy mahsuli emas, balki mahalliy milliy loyihaning, ya’ni oʻzbek ilgʻor jadidlarining gʻalabasi” degan fikrni keltirib oʻtadi. Qolaversa, u sho‘rolardan oldingi davrda “o‘zbekcha” atamasi adabiy tilga nisbatan umumiy qo‘llanilgan, deb hisoblaydi.

Qonunchilik palatasi spikeri oʻrinbosari Odiljon Tojiyev oʻz postida oʻzbek va Oʻzbekiya soʻzlarining lotincha ekvivalentlari XVI-XVIII asrlarda Gʻarbiy Yevropa mamlakatlarida tuzilgan tarixiy, siyosiy va etnik xarita va globuslarda qayd etilgani haqidagi maʼlumotlarga havola qildi. Ushbu xaritalardan biri Pyotr I saroyida xizmat qilgan golland kartografi Avraam Maas tomonidan tuzilgan va 1735-yilda Nyurnbergda nashr etilgan.

Bu birinchi og‘zaki hujum emas

Mixail Smolin tarixchi sifatida avval ham qarama-qarshi fikr bildirgan, faqat boshqa davlat, ya’ni Ukraina haqida. Masalan, uning “Ukraina — bu Rossiya” nomli toʻplamining tavsifida aytilishicha, u “rus dunyosining birligi va “ukrainchilik” radikal mintaqaviyligini yengish mavzusiga bagʻishlangan”. Ya’ni, muallif ushbu aniq holatda ham oʻz qarashlarini ilmiy, ekspert fakti sifatida taqdim etgan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligining munosabati

Tarixchining fikrini Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova izohladi. Eslatib oʻtamiz, u Zaxar Prilepinning bayonotlariga munosabat bildirib, “uning shaxsiy fikri, hatto Rossiya Federatsiyasining rasmiy pozitsiyasini  uzoqdan ham aks ettirmaydi”, deb ta’riflagan . Oʻshanda yozuvchi O‘zbekiston hududini Rossiyaga qo‘shib olish taklifi bilan chiqqan edi.

Bu safar Mariya Zaxarova Smolinning soʻzlarini “odioz” (xunuk) deb atadi va Prilepin misolida boʻlgani kabi, ularning subyektiv tabiatini ta’kidladi.

“Rossiya va Markaziy Osiyo respublikalarini umumiy tarix, yaqin insoniy va gumanitar aloqalar, savdo-iqtisodiy va biznes aloqalarining minglab rishtalari birlashtiradi. Bizning chinakam privilegiyali hamkorligimiz, strategik sherikligimiz va aksariyat hollarda ittifoqdoshligimiz bir-biriga hurmat va madaniyatlar muloqotiga asoslangan bo‘lib, bizni o‘zining tarixiy chuqurligi va butun insoniyat uchun qadrli mevalari bilan boyitadi.

Rossiya va, ishonchimiz komilki, Markaziy Osiyo mintaqasining suveren, mustaqil davlatlari bunday munosabatlarning ahamiyatini to‘liq tushunadi.

Qayd etilgan odioz bayonot sof subyektiv xususiyatga ega boʻlib, hozirgina aytib oʻtilgan voqelikka hech qanday aloqasi yoʻq va butunlay muallifning vijdoniga havola”, — dedi Mariya Zaxarova.