Chekish va gangrena kasalligining qanday aloqadorligi bor?

Sotuv rastalaridagi tamaki mahsulotlarining qadoqlarida chekishning turli xil kasalliklarni keltirib chiqarishi haqidagi suratli ogohlantirishlar uchraydi. Ular qatorida gangrena ham bor. Xo‘sh, chekish va gangrenaning qanday aloqadorligi bor? Tamaki mahsulotlarini qabul qilish gangrenani keltirib chiqaradimi?

Chekish va gangrena kasalligining qanday aloqadorligi bor?

HUKM: HAQIQAT

Gangrena – qon oqimining yetishmasligi yoki jiddiy bakterial infeksiya tufayli tana to‘qimalarining o‘lib borishi kasalligi. Gangrenaning paydo bo‘lish sabablaridan biri sifatida tananing qaysidir qismida qonning yaxshi aylanmasligi ko‘riladi. Qon tanani kislorod va ozuqa moddalari bilan ta’minlaydi. Shuningdek, u immunitet tizimini infeksiyalarga qarshi kurashish uchun antikorlar bilan ta’minlaydi. Yetarlicha qon ta’minoti bo’lmasa, ya’ni qon yaxshi aylanmasa, hujayralar yashay olmaydi va to‘qimalar o‘ladi. Bu haqida Mayo tibbiy ta’lim va tadqiqot fondi o‘z veb-saytida yozadi. Gangrena ko’pincha tananing distal qismlarida, ya’ni qo‘l barmoqlari yoki oyoq barmoqlarida vujudga keladi. 

“Healthline” tibbiy nashrining “Chekishni tashlashning 7 sababi” maqolasida tamakining gangrenaga olib kelishi haqida eslab o‘tilgan. Unda aytilishicha, uzoq muddat davom etgan chekish jarayoni qon tomirlarini torayishiga olib keladi va bu, o‘z navbatida, chekka to‘qimalarida qon oqimini buzilishiga sababchi bo‘ladi, natijada to‘qimalar qon yetib kelmagani oqibatida ular asta-sekin nekrozga uchraydi. Ayni nashrning boshqa bir maqolasiga ko‘ra esa chekish, spirtli ichimliklar iste‘moli, tomir ichiga yuboriladigan dorilar (giyohvand moddalar)ni qo‘llash qon aylanishini buzishi va gangrena rivojlanishi xavfini oshirish mumkin.

Ma’lumot o‘rnida, qandli diabet yoki qon tomirlari kasalligi bilan og’rigan bemorlar muntazam ravishda qo‘llari va oyoqlarida gangrena belgilari bor yoki yo‘qligini tekshirishlari kerak. Infeksiya tushganligini ko‘rsatadigan har qanday shish, yiring yoki qizarishga, tuzalmayotgandek ko‘rinadigan yara, teri rangining o‘zgarishi kabilarga e’tiborli bo‘lish lozim. Jarrohlik amaliyotidan oldin yoki keyin shifokor nazorati ostida antibiotiklarni qabul qilish gangrenoz infeksiyalar rivojlanishining oldini olishga yordam beradi.
Bundan tashqari, Amerika Milliy tibbiyot kutubxonasi veb-sayti hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rasmiy sahifalarida ham tamaki mahsulotlari va gangrenaning bog‘liqligi haqidagi ma’lumotlar bor.