Xalq orasida “grija” nomi bilan ma’lum umurtqa pog‘onasi churrasi kasalligini davolash usullari ko‘pchilikni qiziqtirib keladi. Youtube’da “grijani davolash mashqlari” degan kalit so‘z bilan qidirish yuzlab videolarni keltirib chiqaradi.

Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhalardan birida “grijani bittada yo‘qotadigan mashq” deya ta’rif berilgan mashq tasvirlangan. Xo‘sh, “grija”ni tezda, mashq yordamida yo‘qotsa bo‘ladimi?
Factchecknet.uz shu savollarga javob izladi.
HUKM: YOLG‘ON
Videoda ko‘rsatilgan harakatlar kasallikni kompleks davolashning bir qismi sifatida ko‘rilishi mumkin, biroq u, da’vo qilinganidek, “grija”ni bittada yo‘qotib yubormaydi.
Tibbiyot fanlari doktori, vertebrolog Alisher Sattorov internet nashrlaridan biri bilan bo‘lgan suhbatda umurtqa pog‘onasi churrasining kelib chiqishi, uni davolash usullari haqida gapiradi:
Disk churralari yoki disk siqilishlari suyak mushak tizimidagi degenerativ-distrofik kasallik hisoblanadi. U fibroz xalqaning yorilishi tufayli umurtqalararo disk pulpoz yadrosining atrofga siljishidan paydo bo‘ladi. Har 1000 ta murojaatdan 14 tasida kasallik aniqlanadi. U to‘g‘ri davolanmasa, nogironlikka olib kelishi mumkin.
Disk churrasining alomatlari:
– belda og‘riqning paydo bo‘lishi;
– harakatda va yo‘talganda og‘riqning kuchayishi;
– uyishish va mushaklarda kuchsizlik;
– qo‘l yoki oyoqning oriqlashishi va boshqalar.
Disk churrasi 2 xil usulda davolanadi: birinchisi konservativ fizioterapevtik usullar, ikkinchisi jarrohlik amaliyoti. 1-usul davolash kompleksi sifatida olib borilib, og‘riqni bartaraf etishdan, to‘qimalardagi shishni qaytarishdan va umurtqani me’yoriy harakatchanligini tiklashdan iboratdir. Muolaja 3 oydan 6 oygacha davom etishi mumkin. “Disk churrasi” tashxisi qo‘yilishi jarrohlik amaliyoti bilan davolash kerak degani emas.

Disk churrasi sekin, oylar va yillar davomida rivojlanadi. Keskin harakat yoki egilish, yiqilish yoki lat yeyish fibroz xalqaning yorilishiga olib keladi.20 yoshda umurtqa pog‘onasi rivojlanishdan to‘xtaydi. Shu yoshdan disk churrasining ilk belgilari boshlanib, bir necha yillar davomida rivojlanib boradi. Shu boisdan 20 yoshdan boshlab umurtqa pog‘onasini sog‘lomlashtiruvchi chora-tadbirlarni boshlash tavsiya qilinadi.