Mayonez iste’mol qilish salomatlik uchun xavflimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlardan biriga ko‘ra, “mayonez spirtli ichimliklar kabi juda zararlidir. U qarish katalizatori hisoblanadi. Mayonez iste’moli semirish, diabetning rivojlanishi kabilarga olib keladi”.

Factchecknet.uz ushbu xabarning haqiqatga qay darajada mos kelishini tekshirib ko‘rdi.

HUKM: YOLG‘ON

Mayonezni ehtiyotkorlik bilan tanlash, to‘g‘ri tayyorlash va saqlash hamda undan me’yorda foydalanish holatida u past karbongidratli diyetaga mazali va sog‘lom qo‘shimcha bo‘lishi mumkin. Mayonez  bu yog‘, tuxum sarig‘i va kislotali suyuqlik (masalan, limon sharbati yoki sirka)ning aralashmasidir.

Mayonez tarkibi yurak faoliyatini yaxshilaydigan E vitamini va qon ivishi uchun muhim bo‘lgan K vitamini kabi salomatlikni mustahkamlovchi xususiyatlarga ega. Bundan tashqari, uni tayyorlashda Omega-3 yog‘ kislotalari kabi sog‘lom yog‘lar bilan ham tayyorlash mumkinki, u miya va yurak faoliyatiga, teri sog‘lomligiga ijobiy ta’sir qiladi. Yodda tutish kerakki, mayonezning asosini yog‘ tashkil qilganligi sababli u yuqori kaloriyali ziravor sanaladi.

Agar siz yog‘ miqdori kam bo‘lgan yoki past kaloriyali diyetada bo‘lsangiz, portsiyani nazorat qilish va iste’mol qilinadigan mayonez miqdorini o‘lchash maqsadga muvofiq. Kam uglevodli yoki ketogenik diyetada bo‘lganlar mayonezni erkinroq iste’mol qilishlari mumkin. Mayonez deyarli butunlay yog‘dan tashkil topgan bo‘lsa-da, bu yog‘ asosan sog‘lom bo‘lgan to‘yinmagan yog‘dir.

Mayonezdagi bakteriyalar haqida tashvishlanish, asosan, uy sharoitida tayyorlangan mayonezning odatda xom tuxum sarig‘i bilan tayyorlanishi bilan bog‘liq. Biroq korxonalarda ishlab chiqariluvchi tijorat mayonezlari odatda muammo tug‘dirmaydi, chunki ular pasterizatsiyalangan tuxumdan tayyorlanadi. 2012-yilgi tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, uy sharoitida tayyorlangan mayonezda ishlatiladigan turli xil kislotali birikmalarga qaramay, salmonella bakteriyalari bo‘lishi mumkin. Shu sababli, ba’zilar mayonez tayyorlashdan oldin tuxumni 3 daqiqa davomida 60 gradusli suvda pasterizatsiya qilishni afzal ko‘rishadi. Tanlangan mayonez turidan qat’i nazar har doim oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha ko‘rsatmalarga rioya qilish tavsiya etiladi. 
Ko‘pgina diyetologlar kam kaloriyali, kam yog‘li yoki almashinadigan diyetada bo‘lganlar uchun yog‘ miqdori kam bo‘lgan mayonezlarni tavsiya qiladilar.