“Tez ozish” haqida afsonalar va ularning oqibatlari

Ko‘pchilik moda tendentsiyalari va reklama va’dalari girdobiga tushib, ideal qomat sari intilishadi. Biroq, bu jarayonda ayrimlar tezkor natijalarga intilib, sog‘liqni ikkinchi o‘ringa surib qo‘yadi

Ekstremal usullar sarasiga ochlik, shubhali dorilarni qabul qilish va hatto tibbiy muolajalar ham kiradi. Ammo tez vazn tashlash haqidagi xomhayollar ortida salomatlik uchun jiddiy xavf bo‘lishi mumkin.

Ushbu maqolada biz ozish haqidagi keng tarqalgan afsonalarni ko‘rib chiqamiz.

1-afsona. Ochlik tez va uzoq vaqtga vazn yo‘qotishga yordam beradi

Suv bilan ochlik vazn yo‘qotishning juda xavfli usuli bo‘lib, ko‘pincha sog‘liq uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi.

“Tez ozish” haqida afsonalar va ularning oqibatlari

Foto: canva.com

Suv bilan ochlikda tana energiya zaxiralarini yog‘dan emas, balki mushaklardan ishlata boshlaydi, bu mushak massasining yo‘qolishiga olib keladi va organizmdagi metabolizmni sekinlashtiradi.

Tana ochlikni stressli holat sifatida qabul qiladi va energiyani tejash uchun umumiy moddalar almashinuvini kamaytira boshlaydi. Bu esa yog‘ni yoqish samaradorligini pasaytirishi va ozish jarayonini sekinlastirishi mumkin.

Suv bilan ochlik tez vazn yo‘qitishga olib kelishi mumkin bo‘lsa-da, bu natijalar ko‘pincha qisqa muddatli bo‘ladi. Oddiy ovqatlanish va turmush tarziga qaytgandan so‘ng, tana bir muddat ochlikdan keyin energiya zaxirasini yarattishga intilish tufayli yo‘qotilgan vazn qaytib kelishi va ba’zan avvalgisidan ham oshib ketishi mumkin.

Uzoq vaqt davom etadigan suv bilan ochlik jarayoni jismoniy va ruhiy salomatlik uchun jiddiy oqibatlarga olib keladigan anoreksiya yoki bulimiya kabi ovqatlanish odatining buzilishlari rivojlanishiga olib kelishi mumkin.

Anoreksiyadan o‘lim darajasi har qanday boshqa ruhiy kasalliklarga qaraganda ancha yuqori, har yili dunyo bo‘ylab ushbu kasallikdan aziyat chekadigan qizlarning 5 foizi vafot etadi.

Har yili 10 200 ta o‘lim holati ovqatlanish odati buzilishining bevosita natijasidir, bu har 52 daqiqada bitta o‘lim degani.

Suv bilan ochlik nafaqat vazn yo‘qotishga yordam bermaydi, balki sog‘liq bilah bog‘liq jiddiy muammolarga va hatto o‘limga olib kelishi mumkin.

2-afsona. Oshqozonni “bog‘lash” va unda jarrohlik amaliyotini o‘tkazish ozishga yordam beradi

“Tez ozish” haqida afsonalar va ularning oqibatlari

Ushbu tibbiy korreksiya usulida oshqozonga maxsus halqalar o‘rnatilib, natijada uning imkoniyatlarini cheklash va tez to‘yganlik hissini uyg‘otishga olib keladi. Reklama ko‘pincha “oson” operatsiyadan keyin ortiqcha vaznning 60% gacha yo‘qolishini va’da qiladi. Biroq, haqiqat boshqacha  bo‘lishi mumkin. Har qanday jarrohlik amaliyoti sog‘liq uchun ma’lum xavf tug‘diradi.

Oshqozonni “bog‘lash”da bu xavflar ayniqsa jiddiy, hatto o‘limga olib kelishi mumkin. Ehtimoliy asoratlar orasida halqalarning ko‘chishi, ichki qon ketishlari va kuchli og‘riqlar mavjud. Bundan tashqari, ushbu protseduraning natijalari ko‘pincha kutilganidek bo‘lmaydi. Ko‘pgina bemorlar va’da qilinganidan ancha kam vazn yo‘qotadilar va ba’zilari sezilarli darajada ortiqcha vaznga qaramay, nisbatan oz vazn yo‘qotganidan keyin vazn yo‘qotish jarayonining to‘xtashini boshdan kechirishi mumkin.

3-afsona. Klizmalar, ich keltiruvchi va siydiruvchi vositalar organizmni tozalashga va vazn yo‘qotishga yordam beradi

“Tez ozish” haqida afsonalar va ularning oqibatlari

Ushbu usullar samarali vazn yo‘qotishga yordam bermaydi. Ularni qo‘llashni tagatgandan so‘ng odatda yo‘qotilgan vazn qaytib keladi.

Ikkinchidan, ho‘qna va ich keltiruvch vositalarni tez-tez qo‘llash ichaklarning tabiiy faoliyatini buzishi va ularni normal ishlashi uchun tashqi stimullarga bog‘liqlikni tug‘dirishi mumkin. Bu peristaltika bilan bog‘liq muammolarga, shuningdek, suvsizlanish va muhim minerallar va elektrolitlarning yo‘qolishiga, gemorroyga olib kelishi mumkin.

Shuningdek, siydiruvchi vositalardan foydalanish ham organizmning suvsizlanishi va elektrolitlar muvozanati buzishi hamda yurak va buyraklar bilan bog‘liq jiddiy muammolarga olib kelishi mumkin.

Ushbu usullardan ko‘rsatmalarsiz foydalanish to‘g‘ri ichakning shilliq qavatiga zarar yetkazishi va boshqa asoratlar, shu jumladan infektsiyalar va shilliq qavatning shikastlanishiga olib kelishi mumkin.

4-afsona. Vazn yo‘qotish uchun sehrli dorilar qomatingizni yaxshilaydi

Tezkor va sezilarli natijalarni va’da qiladigan “sehrli” ozdiruvchi dorilar borligi haqidagi mashhur fikr, afsuski, ilmiy asosga ega emas va ko‘pincha marketing aldovidir.

Ushbu mahsulotlarning aksariyati samaradorligi va xavfsizligini tasdiqlash uchun jiddiy klinik tadqiqotlar o‘tkazilmagan. Ba’zi dori-darmonlar yoki qo‘shimchalar ozishga yordam bergan bo‘lsa ham, ularning ta’siri ko‘pincha vaqtinchalik bo‘ladi va agar siz ulardan foydalanishni to‘xtatsangiz, yo‘qolgan vazn tezda qaytishi mumkin.
Telegram-kanallarida shunday reklamalardan biri sifatida diyetasiz va sportsiz bir oyda 15 kilogrammga ozish haqida yolg‘on va’da bergan “Monafit” vazn yo‘qotish mahsuloti ilgari surilmoqda.

“Tez ozish” haqida afsonalar va ularning oqibatlari

Ushbu mahsulotning reklamasi Tatyananing qalbaki hikoyasini aytilgan veb-saytga olib boradi, u go‘yo qorin va sonlarda yog‘ yoqish formulasini yaratgan.

Ushbu veb-resursdagi dorining ta’sirini ko‘rsatishda bir nechta mamlakatlardan turli ismli tasodifiy odamlarning fotosuratlaridan foydalanilgan.
Bunday nomdagi dori vositasi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan.

“Tez ozish” haqida afsonalar va ularning oqibatlari

Biroq, parhez, sport va turmush tarzini o‘zgartirmasdan 15 kilogramm yo‘qotish mumkin emas. Bundan tashqari, bunday keskin vazn yo‘qotish tana uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. O‘zingizni zararli dorilar va parhez tabletkalari bilan qiynoqqa solmasdan, asta-sekin vazn yo‘qotish ancha xavfsizroq, tanangizni asta-sekin normal holatga keltiring.

Ko‘plab slim-preparatlarda inson salomatligiga juda salbiy ta’sir ko‘rsatadigan sibutramin bor.

Sibutramin Oʻzbekistonda kuchli taʼsir etuvchi moddalar roʻyxatiga kiritilgan. Bu anoreksigen vosita amfetamin tipidagi dori bo‘lib, ishtahani kamaytiradigan va to‘yinganlik tuyg‘usini kuchaytiradigan psixostimulyator.

5-afsona. Qusish shishlarni kamaytiradi va tanadagi ortiqcha suvdan xalos qiladi

Qusishni qo‘zg‘atish orqali vazn yo‘qotish xavfli va zararli usul bo‘lib, u nafaqat barqaror vazn yo‘qotishga olib kelmaydi, balki sog‘lig‘ingizga jiddiy tahdid soladi. Bu usul tana haqidagi noto‘g‘ri tasavvurga asoslangan va bulimiya kabi ovqatlanish odati buzilishi bilan bog‘liq.

“Tez ozish” haqida afsonalar va ularning oqibatlari

Foto: canva.com

Birinchidan, qusish suyuqlik va elektrolitlar yo‘qolishiga olib keladi, bu esa organizmda suvsizlanish va elektrolitlar muvozanati buzilishini keltirib chiqarishi mumkin. Bu jiddiy sog‘liq muammolariga, shu jumladan yurak va buyrak kasalliklariga olib kelishi mumkin.

Ikkinchidan, qusish organizmning oziq-ovqatni to‘g‘ri hazm qilishiga va muhim oziq moddalarni olishiga to‘sqinlik qiladi, bu vitamin va minerallarning yetishmasligi va immunitetning zaiflashishiga olib keladi.

Uchinchidan, qusishni muntazam ravishda qo‘zg‘atish qizilo‘ngach, tish va milkning shilliq qavati zararlanishiga, shuningdek, oshqozon va ichaklarning funktsiyalari buzishiga olib kelishi mumkin.

Bundan tashqari, bunday xatti-harakatlar jiddiy psixologik muammolarga, masalan, o‘zini past baholash, depressiya va bezovlalikka olib kelishi mumkin.

Ozishning sehrli vositalari yo‘q. Sog‘lom vazn yo‘qotish muvozanatli ovqatlanish, o‘rtacha jismoniy faoliyat va professional yordam orqali amalga oshirilishini tushunish muhimdir.

Agar vazningiz yoki ovqatlanish odatlaringiz bilan bog‘liq muammolar mavjud bo‘lsa, xavfsiz va samarali ozish rejasini ishlab chiqish uchun shifokor yoki diyetologdan yordam so‘rang.

Esingizda bo‘lsin, sog‘liq bizning eng qimmatli boyligimiz va uni asrash muhimdir.

Faktchekerlar hamjamiyatiga qo‘shiling.