Abdulla Qodiriy bog‘i qancha va’dalarni boshidan kechirgan?

Aprel oyida poytaxtdagi ikkita – “Do‘stlik” va Abdulla Qodiriy nomidagi bog‘lar rekonstruksiya qilinishi haqida ma’lum qilindi. Agar birinchisi bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlardagi salbiy javoblar to‘lqinidan keyin shahar ma’muriyatidan javob kelgan bo‘lsa, ikkinchisi yuzasidan jimlik hukm surmoqda.

Ommaviy axborot vositalarida aholi “Do‘stlik” (Bobur) bog‘ini saqlab qolish uchun imzo to‘plashni davom ettirish niyatida ekani haqida xabar berilgan. Bunga javoban hokim oʻrinbosari Furqat Mahmudxoʻjayev va istirohat bogʻi direktori Iroda Yusupovalar bogʻ boʻyicha fikr-mulohaza va takliflarni yigʻish uchun tez orada Telegram kanali ochilishi haqida xabar berishdi.

– “Do‘stlik” bog‘i rekonstruksiya qilinmaydi, faqat obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib boriladi, – dedi Iroda Yusupova.

Abdulla Qodiriy nomidagi istirohat bog‘i-chi? Factchecknet.uz ushbu yashil hudud bilan bog‘liq va’dalarni ko‘rib chiqdi.

“Bog‘ Qodiriy yashagan davrni aks ettiradi”
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018-yil avgust oyida boqqa tashrifi chog‘ida rekonstruksiya qilish zarurligini ta’kidlab, bog‘ o‘ziga xos qiyofaga ega bo‘lib, ulug‘ adib yashagan davrni aks ettiririshi kerakligini aytgan edi.

Abdulla Qodiriy bog‘i qancha va’dalarni boshidan kechirgan?

Prezident.uz fotosi, 2018-yil

2019-yil aprel oyida Abdulla Qodiriy bog‘ida tadbirlar davom etayotgan edi va u omma uchun ochiq edi. O‘sha yilning oktabr oyida ommaviy axborot vositalaridan birining “Reklama” bo‘limida Abdulla Qodiriy nomidagi istirohat bog‘i hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan tadbirkorlar uchun taklifnoma paydo bo‘ldi.

O‘shanda bog‘ning maydoni 16,5 gektar deb belgilangan va 2022-yilda “kadastr hujjatlariga ko‘ra‘ u 11,6 gektarni tashkil etgan.

2021-yilda “Hampton by Hilton Tashkent Park Abdula Kodiri” oteli tomonidan kelajak mehmonxona poydevoriga vaqt kapsulasi qo‘yilayotgani xabar qilingan edi.
“BI Group kompaniyasi nafaqat quruvchi, balki loyihaning investori boʻlib, investitsiya hajmi 100 milliard soʻmdan ortiqni tashkil etadi. Poytaxtimizning qoq markazida bunyod etiladigan yangi inshoot 120 ta xona va biznes markaziga ega bo‘ladi. Loyihani amalga oshirish joriy yilning may oyida boshlanib, 2022-yil iyun oyida foydalanishga topshililadi”, — deyilgan edi poytaxt hokimligi xabarida.

Abdulla Qodiriy bog‘i qancha va’dalarni boshidan kechirgan?

Foto: Poytaxt hokimligi matbuot xizmati, 2021-yil

Shuningdek, OAV 2020-yilda Qozog‘istonning “BI Group” kompaniyasi “Hilton Worldwide” bilan Markaziy Osiyoda 10 ta “Hampton by Hilton” mehmonxonalarini qurish bo‘yicha bosh shartnoma imzolagani haqida xabar berdi. “Hampton by Hilton Tashkent Park Abdula Kodiri” kompaniyalarning to‘rtinchi qo‘shma loyihasidir, deyiladi xabarda. Ayrim nashrlar mehmonxona Abdulla Qodiriy bog‘i yonida qad rostlashini qayd etgan.

Abdulla Qodiriy bog‘i qancha va’dalarni boshidan kechirgan?

Loyihaga koʻra, mehmonxona Abdulla Qodiriy nomidagi maktabning chap tomonida joylashishi nazarda tutilgan edi, lekin “Google maps” suratlariga qaraganda, u belgilangan joyda amalga oshirilmagan.

“Shovqinli attraksionlar o‘rniga xiyobonlar bo‘ladi”

2021-yil sentabr oyida poytaxtliklarning xohish-istaklarini inobatga olgan holda bog‘ni yangilash rejalashtirilayotgani ham xabar qilingan edi.

“24-avgust kuni mamlakatimizda ekologik vaziyatni yaxshilash, daraxtlarni muhofaza qilishni samarali tashkil etish va yashil hududlarni kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev fuqarolarning sayr qilishi va dam olishi uchun “sokin” yashil hududlar yaratish zarurligini ta’kidladi.

Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ini rekonstruksiya qilish aynan mana shu konsepsiyaga muvofiq amalga oshirish nazarda tutilgan edi: bu yerda shovqinli attraksionlar o‘rniga xiyobonlar, gulzorlar barpo etiladi, bolalar va sport maydonchalari jihozlanadi”, — deyilgan edi 2021-yildagi hokimlik xabarida. 

O‘shanda istirohat bog‘ini obodonlashtirishga “Olmazor Buziness City” rahbariyati mas’ul edi.

2022-yilning noyabrida rekonstruksiya cho‘zilib ketganligini “moliyalash jarayonlari” bilan izohlashdi. OAV xabarlariga ko‘ra, rekonstruksiya budjeti loyiha-smeta hujjatlarini hisobga olgan holda qariyb 39 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa-da, 35 milliard so‘m tasdiqlangan.

2023-yilgi Navro‘z bayramida bog‘da xalq sayillarini o‘tkazishmoqchi edi. Biroq, rejalar amalga oshmadi, chunki u tashrif buyuruvchilar uchun ochilmagandi.

“Yashil maydonlarni maksimal darajada saqlash bilan”
2024-yil aprel oyida Toshkent shahar hokimligi Abdulla Qodiriy nomidagi va Do‘stlik bog‘larini rekonstruksiya qilish loyihalarini e’lon qilgan edi.

Abdulla Qodiriy bog‘i qancha va’dalarni boshidan kechirgan?

Foto: Poytaxt hokimligi matbuot xizmati, 2024-yil

Qayd etilishicha, bu boradagi ishlarni bir necha yil avval G‘ofur G‘ulom nomidagi istirohat bog‘iga yangicha qiyofa baxsh etgan “BMP Smart Decision Management” kompaniyasi amalga oshirishi rejalashtirilgan.
“Bog‘lar kompaniyaga 49 yil muddatga ijara asosida berildi. Bog‘lardagi ishlar mahalliy aholi bilan kelishilgan tarzda va yashil maydonlarni maksimal darajada saqlagan holda amalga oshiriladi. Ikkala istirohat bog‘i ham keraksiz shovqin va attraksionlardan xoli yashil hudud sifatida saqlanib qoladi”, — deyishdi poytaxt ma’muriyatida.

Abdulla Qodiriy bog‘i qancha va’dalarni boshidan kechirgan?

Foto: Poytaxt hokimligi matbuot xizmati, rekonstruksiya rejasi, 2024-yil

Ayni paytda bu so‘nggi va’da, ammo Abdulla Qodiriy bog‘i haligacha cho‘zilib ketgan rekonstruksuya bosqichidan chiqmadi. U o‘tkaziladimi va qancha vaqtdan so‘ng bog‘ eshiklari tashrif buyuruvchilar uchun ochiladi — bu ritorik savol. Vaziyat rivojini Factchecknet.uz kuzatib boradi.


Faktchekerlar hamjamiyatiga qo‘shiling.