Telegram kanallarida tibbiyotdagi tarixiy inqilob nomi ostida xabarlar tarqalmoqda. “Yangi tish oʻstiruvchi dori yaratildi. Dori hayvonlarda hech qanday jiddiy nojoʻya taʼsirlarsiz tishlarini tiklagan holda ajoyib natijalarni koʻrsatdi. Dori sentyabr oyidan boshlab, koʻngilli insonlarda sinovdan oʻtkazila boshlaydi. Agar hammasi muammosiz kechsa, 2030-yilda dori sotuvga chiqarilishi mumkin”, — deyiladi xabarda.
Factchecknet.uz xabarda keltirilgan faktlarni tekshirdi.
HUKM: MANIPULYATSIYA
Tish o‘sishi uchun birinchi dori Yaponiya farmatsevtika kompaniyasi tomonidan sinovdan oʻtkazilgan.
Tish o‘stiruvchi dori muayyan noqulayliklari bo‘lgan odamlarga to‘g‘ri gapirish va ovqatlanishga yordam berishi mumkin. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, odamlarda o‘sib, yangi tishlarga aylanishi mumkin bo‘lgan “tish kurtaklari” bor. Toregem Biopharma bu kurtaklarning to‘liq o‘sgan tishlarga aylanishiga imkon beruvchi antitana preparatini yaratish harakatida. Agar klinik sinovlar qoniqarli natijalar bermasa, u hech bo‘lmaganda inson tishlari qanday rivojlanishi haqida ko‘proq ma’lumot olish imkonini beradi.
Toregem Biopharma 2024-yil iyul oyida tish o‘stiruvchi dorini sinovdan o‘tkazadi va 2030-yilgacha bozorga taqdim etishni koʻzda tutgan.
Tish kurtaklari dori yordamida sut va doimiy tishlardan alohida yangi tishlarga aylanishi mumkin. Biroq, bu kurtaklarning aksariyati rivojlanmaydi va oxir-oqibat yo‘qoladi, chunki oqsil ularning o‘sishiga to‘sqinlik qiladi.
Kompaniya tishlarning o‘sishini rag‘batlantirish uchun bolalarga har biriga bittadan doza qoʻllaydi. Shuningdek, axborot agentligi Toregem asoschisi Katsu Takaxashining bayonoti bilan o‘rtoqlashdi: “Boladagi tishlarning yetishmasligi ularning jag‘ suyagi rivojlanishiga ta’sir qilishi mumkin. Umid qilamizki, dori ushbu muammolarni hal qilishda kalit bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, kompaniya prezidenti Xonoka Kiso Toregem bosh sahifasida tish o‘sishiga yordam beruvchi preparatni yaratishga qanday ilhomlanganligini tushuntirdi: “O‘rta maktab o‘quvchisi bo‘lganimda, jag‘ suyagi kasalligi tufayli ikkita tishimni yo‘qotib qo‘ydim va statsionar jarrohlik amaliyotini o‘tkazdim. Bu tajriba meni tish shifokori bo‘lishga undadi. Kollej talabasi bo‘lganimda, yo‘qolgan tishimni implantatsiya bilan davolashdi. Men kasalligim sababini va yo‘qolgan tishlarni qanday tiklashni o‘rganmoqchi edim, shuning uchun 2008-yilda aspiranturada o‘qishni davom ettirdim va o‘shandan beri doktor Takaxashining tish regeneratsiyasi bo‘yicha tadqiqotida qatnashyapman”.
Taʼkidlash kerakki haqiqatan ham, hozirda preparat boʻyicha tadqiqotlar olib borilmoqda, ammo u barcha klinik sinovlardan oʻtib, tasdiqlangan va sotuvga chiqarilgunga qadar uning yaratilishi haqida gapirishga hali erta.