Maktab bolalari igna bilan jazolanib kelinganmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko’ra, “Toshkentdagi maktabda o‘qituvchi o‘quvchilar qo‘liga igna va “samorez” sanchib jazolab kelgan”.

Factchecknet.uz xabarni tekshirdi.

HUKM: ROST

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 16-aprel kuni Toshkent shahri Sergeli tumani, 277-o‘rta maktab 1-“E” sinf o‘quvchilarining 15 nafar ota-onalari mazkur maktab direktorining huzuriga kelib, 1-“E” sinf rahbari S.R. (ayol) ning ustidan shikoyat qilgan. 

Murojaatda ota-onalar sinf rahbari S.R. o‘quvchilar qo‘lining kaft qismini ustiga samorez va ignalar bilan sanchib turli jarohatlar yetkazganligi, go‘yoki shunday usulda bolalarni tarbiyalashga uringanini bildirishgan. 1-“E” sinf rahbari S.R. bolalarga nisbatan shunday nomaqbul harakatlarni sodir qilganligi yuzasidan o‘qituvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinib, u ishdan bo’shatilgan. Holat Bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olingan.

18-aprel kuni Daryo.uz nashrida chop etilgan xabarga ko’ra, nashrga murojaat qilgan ona o’zining maktab binosida kaltaklanganini aytgan. Farzandining yangi o‘qituvchisini kuzatish uchun maktabga kelganida, o‘zini direktor o‘rinbosari deb tanishtirgan ayol uni sinfxonadan haydagan. Shuningdek, maktab xodimlari onalarni maktabning maxfiy ma’lumotlarini oshkor qilishda ayblab, haqorat qilgan. 

Avvalroq holat yuzasidan Sergeli tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilayotgani xabar berilgan. Natijalar haqida batafsil ma’lumot berilishi bildirilgan.


Faktchekerlar hamjamiyatiga qo’shiling