Sirdaryoda ko‘cha chiroqlari muammolari

Factchecknet.uz bir qancha vaqtdan buyon “Open budget” loyihasi va unga bog‘liq muammoli keyslarni yoritib keladi. Bu gal tahririyat Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida yuzaga kelgan vaziyatni o‘rganishga qaror qildi. 

“Tashabbusli budjet”ning 2023-yil 2-mavsumida Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumani “Shirin” MFYning tashabbuslardan biri g‘olib deb topildi. Loyiha “ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish yoki ta’mirlash (transformator, simyog‘och o‘rnatish) tadbirlari”  yo‘nalishida topshirilgan. Loyihada mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli ko‘chalarga tranformator, beton ustunlar, kabellar olib kelish vazifalari belgilangan.

Tashabbus tanlov jarayonida 5,7 mingdan ortiq ovoz to‘plagan.

Sirdaryoda ko‘cha chiroqlari muammolari

Sirdaryo tumani “Shirin” MFY idorasi

2023-yil oxirigacha barcha ishlar tugallanishi belgilangan. Tashabbusli budget saytida loyihaning ijrosi “qizil” qilib belgilanganini ko‘rish mumkin. 

Tashabbuskor Jurabek Sanginov joriy yilning iyun oyida quyidagicha izoh qoldirgan: “Ishlar qoniqarsiz olib borilgan, loyihani 2024-yil mart oyida Buxoro viloyatidan “Orzu Stroy MCHJ” qurilish firmasi yutib olgan, ularning hisob raqamiga 219 million so‘m pul mablag‘i o‘tkazilgan, lekin ular 19 million so‘mlik ishlarni qilib ketishgan, 20 dona beton ustunlar o‘rnatishgan xolos, bugungi kungacha qurilish ishlari to‘xtab turibdi”.

Sirdaryoda ko‘cha chiroqlari muammolari

openbudget.uz veb-saytidan ekran tasviri

Ushbu izohga asosan loyihani o‘rganish maqsadida Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida bo‘ldik va tashabbuskor Jurabek Sanginov bilan suhbatlashdik. 

“Tashabbusning sababi, mahallamizdagi mavjud transformatorlar nosoz ahvolga kelgan edi va biz qo‘lbola yog‘och ustunlardan foydalanib kelgandik. Shundan so‘ng ovoz to‘plash ishlari boshlangan”, – deydi Jurabek. 
G‘olib deb topilgan tashabbus uchun pudratchini aniqlash maqsadida 2024-yilning 28-mart sanasida tender o‘tkazilgan va unda “Orzu stroy” MCHJ g‘olib chiqqan. Pudratchiga belgilangan ishlarni 20 kunda bajarish majburiyati yuklatilgan.

Sirdaryoda ko‘cha chiroqlari muammolari

openbudget.uz veb-saytidan ekran tasviri

Kompaniya avans sifatida 220 million so‘mga yaqin mablag‘ni qabul qilib olgan, shundan so‘ng 19 million so‘mlik ishlarni bajarib, g‘oyib bo‘lgan.

Sirdaryoda ko‘cha chiroqlari muammolari

openbudget.uz veb-saytidan ekran tasviri

Tashabbuskor va mahalla raisining tegishli tashkilotlarga bir qancha murojaatlaridan keyin kompaniya mas’ullari javobgarlikka tortilgan va qurilish ishlari hozirda qayta boshlangan. Safarimiz davomida ishlarning davom ettirilayotganligiga, 6 ta ko‘cha to’liq beton ustunlar bilan ta’minlanganligiga guvoh bo‘ldik. Ishlar avgust oyi oxirigacha yakunlanishi ko‘zda tutilyapti.

Yangi o‘rnatilgan beton ustunlar

Tashabbuskorga ko‘ra, “Orzu stroy” MCHJ boshqa bir qancha viloyatlar, xususan, Surxonadaryo viloyatidagi yirik tashabbuslarning pudratchisi sifatida tenderlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Boshqa viloyatlarda ham mablag‘larni o‘zlashtirib, ishni yakunlamagani kuzatilgan. Shundan so‘ng kompaniya rahbari Oybek Ro‘ziyev javobgarlikka tortilgan. 

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligining elektron tenderlar veb-saytida “Orzu stroy” MCHJ ning STIRini kiritish orqali (306160407) tender hujjatlarida qidirib ko‘rdik. Darhaqiqat, kompaniya umumiy hisobda 7 ta tashabbusning ijrochisi sifatida tenderlarni yutib olgan. Tashabbuslar qatorida bino qurilishi jarayonlaridan tortib, simyog‘ochlarni ta’mirlash va oqava suvlar tizimini yaxshilash kabilargacha bor. Yuqoridagi masalalar yuzasidan “Orzu Stroy” MCHJ bilan bog‘lanishga urinishimiz samarasiz ketdi. 

Maqola so‘ngida tashabbuskor Jurabek Sanginovning so‘zlarini keltiramiz: 

“Men ishni shundayligicha qo‘yib qo‘ymadim. Tegishli idoralarga bir necha marta murojaat qilib chiqdim. Hech qanaqa ishni yakunlovchi hujjatlarga qo‘l qo‘ymadim. Beton ustunlarni qo‘yishayotganida hammasini kuzatib turibman, oxirigacha yakunlab ketishmaganiga qo‘ymayman”. 

Bir tashabbuskorning o‘zi boshlagan ishga mas’uliyat bilan yondashishi natijasida yakunlanmay qolgan loyiha ijrosini tamomlashga erishilmoqda.

Lekin “Orzu Stroy”ning boshqa loyihalardagi faoliyati haqidagi savollar ochiq qolyapti. Quyida biz aniqlagan uch holatni keltiramiz:

  1. Kompaniya Surxondaro viloyati Denov tumanidagi tashabbuslardan biri uchun 500 million so‘mdan ortiq miqdordagi to‘lovlarni olgan va ishni yakunlamagan.
  2. Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi tashabbuslardan biri uchun 600 million so‘mdan ortiq to‘lovlarni qabul qilib olgan va ishni yakunlamagan. 
  3. Qarshi tumanida ijro etilgan tashabbus uchun o‘tkazilgan to‘lovlar va bajarilgan ishlar summasi mutanosib emas: 300 million so‘mga yaqin farq bor. 

Tegishli tashkilotlardan “Orzu stroy”ning faoliyati bilan bog‘liq yuqoridagi holatlarni o‘rganishni va boshqa ehtimoliy talon-tarojlik holatlarini tekshirib ko‘rishni so‘rab qolamiz.