Psixopatiya – bu zamonaviy jamiyatda eng noto‘g‘ri tushuniladigan shaxsiyat buzilishlaridan biri. Ommaviy madaniyat va ommaviy axborot vositalari tufayli bu holat atrofida ko‘plab afsonalar va noto‘g‘ri talqinlar shakllangan. Keling, ulardan eng keng tarqalganlarini ko‘rib chiqamiz va ilmiy dalillarga murojaat qilamiz.
1-afsona: barcha psixopatlar shafqatsiz qotillardir
Psixopatiya avtomatik ravishda zo‘ravonlikka moyillikni anglatmaydi. Psixopatiyaga chalingan odamlarning faqat kichik bir qismi qonunni buzadi va ularning jinoiy ishlari har doim ham shafqatsizlik bilan bog‘liq emas. Psixopatiyaning ayrim xususiyatlari tajovuzkor xatti-harakatlar xavfini oshirishi mumkin bo‘lsa-da, bu muqarrar oqibat emas. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, zo‘ravonlikka potentsial moyillik buzilishning o‘zi emas, balki faqat psixopatik shaxsning individual xususiyatlari bilan belgilanadi.
2-afsona: psixopatlar his-tuyg‘ularni his qila olmaydi
Aslida, psixopatiyaga chalingan odamlar his-tuyg‘ularni boshdan kechirishga qodir, biroq ularning hissiy tajribalari odatdagidan farq qiladi. Ularning kechinmalari ko‘pchilik odamlarnikiga qaraganda kamroq chuqurligi va intensivligi bilan ajralib turadi. Bu ularning boshqalarning hissiy holatini anglash va unga to‘g‘ri javob berishga to‘sqinlik qiladi, qo‘pollik taassurotini yaratadi. Biroq, ular quvonchdan qo‘rquvgacha bo‘lgan asosiy his-tuyg‘ularni boshdan kechirishga qodir.
3-afsona: psixopatiyaning tug‘ma tabiati
Zamonaviy fan psixopatiyaga irsiy omillar va atrof-muhit ta’sirining o‘zaro uyg‘unligi natijasi sifatida qaraydi. Bu genetik moyilligi bo‘lgan bolalarning hammasida ham ulg‘ayganda psixopatik xususiyatlar rivojlanmasligini tushuntiradi. Bolaning xarakterida “sovuq” xususiyatlar mavjud bo‘lsa-da, o‘zaro yordam va ijtimoiy qadriyatlar singdirilgan oiladagi to‘g‘ri tarbiya psixopatiya rivojlanish xavfini sezilarli darajada kamaytiradi.
4-afsona: psixopatiya va psixoz bir xil narsa
Bu butunlay boshqa holatlar. Psixoz haqiqat bilan aloqani yo‘qotish, gallyutsinatsiyalar va alahlash bilan tavsiflanadi. Psixopatiya – bu past empatiya, sayoz his-tuyg‘ular va impulsivlikni o‘z ichiga olgan shaxsiy xususiyatlarning doimiy namunasidir. Psixopatik xususiyatlarga ega bo‘lgan odamlar odatda voqelikni va o‘z harakatlarini aniq anglaydilar.
5-afsona: psixopatiyani davolab bo‘lmaydi
Psixopatiya haqiqatan ham shaxsiyatning barqaror buzilishi bo‘lsa-da, zamonaviy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, uning ba’zi jihatlari maxsus terapiya orqali tuzatilishi mumkin. Bu, ayniqsa, shaxsiyati hali ham rivojlanayotgan o‘smirlar va yoshlarga oid.
Psixopatiyaning asl mohiyatini tushunish stigmani yengish hamda tashxis va davolanishga to‘g‘ri yondashuvni ta’minlash uchun muhimdir. Psixopatiya murakkab hodisa ekanligini unutmaslik kerak, uni ommaviy madaniyatning soddalashtirilgan stereotiplariga tenglashtirish mumkin emas.