Chiqindi bo‘yicha qarzdorlik tufayli elektr energiyasi uziladimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda chiqindi yig‘ish xizmatlaridan qarzi bo‘lgan iste’molchilarning elektr ta’minotidan butunlay uzilishi haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi.

Bu haqiqatan ham rostmi?

HUKM: FEYK

“Qarz to‘liq to‘langanidan keyingina elektr ta’minoti tiklanadi”, — deyilgandi boshqa bir xabarda.

“Aholining chiqindidan qarzi boʻlsa, hatto elektr energiyasi uchun ham toʻlay olmaydi. O‘zbekistonliklar faqat qarzlarini to‘lasa elektr energiyasini oladi”, — deb yozilgandi boshqa postda.

Ma’lumotlar ishonchlidek ko‘rindi va foydalanuvchilar o‘rtasida muhokamalar to‘lqiniga sabab bo‘ldi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati xabarlarni asossiz deb atadi va vaziyatga oydinlik kiritdi.

“Chiqindi tashish va olib ketish xizmatida foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida yangi “Toza Makon-billing” dasturiy kompleksi ishga tushirilishi munosabati bilan 2024-yil 31-oktyabr soat 23:50dan 5-noyabr soat 23:50gacha profilaktik ishlar olib borilishini ma’lum qilgan. Shuningdek, mazkur vaqt oralig‘ida chiqindi xizmati uchun barcha turdagi to‘lovlarni amalga oshirishda hamda shaxsiy hisob raqamdagi mavjud ma’lumotlarni olish, abonent to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘zgartirish, qo‘shish va o‘chirishda vaqtinchalik texnik uzilishlar bo‘lishini haqida ogohlantirildi”, — deyiladi xabarda.

Ushbu maʼlumot notoʻgʻri talqin qilingani sababli ijtimoiy tarmoqlarda chiqindi boʻyicha qarzdorlarning elektr energiyasi uzilishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqaldi.

Chiqindilarni yig‘ish bo‘yicha qarzdorlik tufayli elektr energiyasining uzilishi rejalashtirilgani haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi rasman tasdiqlandi.