Qizil vino radiatsiyadan himoya qila oladimi?

Tarmoqlarda keng tarqalgan iddaolarga ko‘ra, qizil sharob (vino) iste’moli radioaktiv nurlanishdan himoya qilishi mumkin ekan. Factcheck.kz nashri bu ma’lumotni tekshirishib, mavjud fakt va tadqiqotlarni o‘rgandi.

Chernobil va qizil sharob

Chernobil AESdagi avariya haqida yozilgan materiallarda qizil sharob ko‘p marta tilga olinadi. Misol uchun, “BBC News Ukraina” maqolasida kiyevlik bir ayol o‘z xotiralarida Dnepr bo‘yidagi plyajlarning bo‘sh ekanligi, hammaning qizil sharob sotib olayotganini ta’kidlaydi. U, shuningdek, o‘sha paytlarda barcha maktablarning evakuatsiya qilinganini aytadi. Chernobil AES bosh direktorining sobiq o‘rinbosari Aleksandr Kovalenko eslashicha, u tushlik payti oshxonaga kirganida barchaga qizil sharob ichish kerakligi ta’kidlangan, unga ham shunaqa tavsiya berilgan ekan. Ular sharob organizmdan radiatsiya ta’sirini chiqarishga yordam beradi degan tushuntirishni olgan.

Ilmiy tadqiqotlar nima deydi?

Qizil sharob, ayniqsa uning tarkibidagi resveratrol moddasida radiatsiyadan himoya qiluvchi xususiyatlar bor-yo‘qligini aniqlash uchun bir qator ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilgan. 2003-yilda “Mutagenesis” jurnalida chop etilgan tadqiqotda vino fenol komponentlarining DNKni ionizatsiyalangan nurlanishdan himoya qilish qobiliyati o‘rganilgan. Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, alkogol va fenol komponentlari DNKni shikastlanishidan saqlashi mumkin.

2005-yilda olib borilgan boshqa bir tadqiqotda esa alkogolsiz qizil sharob iste’moli gamma nurlanishdan DNK shikastlanishini 20% ga kamaytirgan. Bu tadqiqotlar qizil sharob va uning tarkibidagi ba’zi komponentlarning potentsial himoya xususiyatlarini ko‘rsatadi.

Natija va xulosalar

1. Radiatsiyaga qarshi vosita emas: qizil sharob past darajada resveratrolga ega bo‘lib, radiatsiyadan to‘la himoya qilishda samarali emas. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, vino ichimligi insonlarni radiatsiyadan himoya qila olmaydi, chunki uning tarkibida radiatsiyadan saqlaydigan zaruriy moddalarning konsentratsiyasi yetarli emas.

2. Tadqiqotlar davom etyapti: qizil sharob va resveratrol bilan bog‘liq tadqiqotlar hali o‘rta bosqichda. Olimlar bu sohada ko‘proq tadqiqotlar o‘tkazilishi zarurligini ta’kidlaydilar. Hozirgi kunda bunday tadqiqotlar yetarlicha keng ko‘lamda olib borilmagan, shuning uchun yanada ko‘proq ma’lumot to‘planishi kerak.

3. Ma’lumotlar tasdiqlanmagan: Internetda tarqalgan afsonalarga ishonishdan oldin ilmiy tadqiqotlarga e’tibor berish zarur. Qizil sharob radiatsiyadan himoya qilishda samarali ekanligi haqidagi da’volar yetarlicha tadqiqotlar bilan isbotlanmagan.

Xulosa qilib aytganda, qizil sharob radiatsiyadan himoya qilishda samarali emas, ammo uning ba’zi xususiyatlari haqida ilmiy tadqiqotlar mavjud. Biroq bunday himoya ta’sirini tasdiqlash uchun ko‘proq izlanishlar va yangi usullarni o‘rganish kerak.