O‘zbekistonda mehnatga haq to‘lashning kechiktirilishi: reallik, huquqiy jihatlar va misollar

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan e’lon qilingan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar-aprel oylarida birgina xalq ta’limi muassasalarida 5 ming 612 ta mehnat qonunchiligi buzilishi holati aniqlangan. Bundan tashqari, kun.uz tahririyati tomonidan yaqinda chop etilgan maqolada “Enter Engineering” kompaniyasining bahordan beri maosh ololmayotgan xodimlari haqida ham ma’lumot berilgan. Bunday huquqbuzarliklar tez-tez uchrab turadi va O‘zbekistonda eng dolzarb ijtimoiy-huquqiy muammolardan biri hisoblanadi. Hukumat tomonidan mehnat qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, bu muammo dolzarbligicha qolmoqda.

Bunday hollarda ishchilar buzilgan huquqlarini qanday tiklashlari mumkin?

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 253-moddasiga muvofiq, xodimlarga ish haqi har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emas. Xodimlarga oylik ish haqi, qoida tariqasida, o‘n olti kundan ko‘p bo‘lmagan tanaffus bilan ikki qismga bo‘lingan holda (bo‘nakda va qolgan qismi miqdorida) to‘lanadi. Shuningdek, ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishi va miqdori boshqa to‘lovlarni amalga oshirishga hamda ularning navbatiga bog‘liq qilib qo‘yilmasligi kerak.

Bundan tashqari, qonunchilikka ko‘ra (O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 333-moddasi) ish beruvchi ish haqini, ta’til to‘lovlarini, mehnat shartnomasi bekor qilingandagi to‘lovlarni va (yoki) xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan boshqa to‘lovlarni to‘lash muddatini buzgan taqdirda, ularni to‘lov muddatidan keyingi kundan e’tiboran to haqiqatda hisob-kitob qilingan kunni o‘z ichiga olgan muddatgacha har bir kechiktirilgan kun uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqqan holda foizlar (pulli kompensatsiya) bilan birga to‘lashi shart. Xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan pulli kompensatsiyaning miqdori O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalash stavkasining o‘n foizi miqdorida belgilanadi.

Ushbu muammolarga duch kelgan ishchilar uchun buzilgan huquqlarini tiklashning bir qancha usullarini keltirib o‘tmoqchimiz.

1. Qoidabuzarliklarni qayd etish: mehnat shartnomasini, to‘lov hujjatlarini saqlash va kechikish faktlarini qayd etish.

2. Himoya so‘rash: [rasmiy portal](https://my.mehnat.uz) orqali Davlat mehnat inspektsiyasiga shikoyat qilish.

3. Sud mexanizmlaridan foydalanish: tizimli kechikishlar bo‘lsa, qarzlar va kompensatsiyalarni undirish uchun sudga murojaat qilish.

Mavjud qoidalarga qaramay, muammolar quyidagilardan iborat:

– ishlarni ko‘rib chiqish muddati uzoqligi sababli sud orqali qarzlarni tezda undirib bo‘lmasligi;

– ishchilarning o‘z huquqlaridan xabardorligi yetarli emasligi;

– budjet muammolari yoki mablag‘ yetishmasligi bilan bog‘liq ish beruvchilarning tez-tez uchraydigan bahonalari.

O‘zbekistonda mehnatga o‘z vaqtida haq to‘lash tizimli yechimni talab qiladi, jumladan, nazoratni kuchaytirish va xodimlarning xabardorligini oshirish. Qonunchilikda yetarlicha himoya mexanizmlari nazarda tutilgan, biroq ularning samaradorligi fuqarolarning o‘z faolligiga bog‘liq.

Huquqiy savodxonlik huquqlaringizni himoya qilishning kalitidir. Ishchilar o‘z huquqlarini bilishlari va mavjud huquqiy vositalardan foydalangan holda ularni faol ravishda himoya qilishlari kerak.