Multivitaminli komplekslar foydasizmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda multivitaminli komplekslar inson organizmi uchun xavfli ekanligi haqida ma’lumotlar tarqalmoqda. “AQSh onkologiya intituti tadqiqotiga ko‘ra, multivitaminli komplekslar foydasiz hisoblanadi”, – deyiladi xabarda.

Factchecknet.uz mazkur xabarni tekshirib koʻrdi.

HUKM: ROST

Epidemiologiya va sog‘liqni saqlash bo‘yicha ilmiy izlanuvchi doktor Erikka Loftfild va Merilend shtatidagi Milliy saraton instituti mutaxassislari uchta asosiy tadqiqotlarining ma’lumotlarini tahlil qilishdi. Hammasi 1990-yillarda boshlangan va ishtirokchilarning kundalik multivitaminlardan foydalanishi haqida ma’lumot to‘plagan. Yozuvlar 20 yildan ortiq vaqt davomida kuzatilgan 390 124 sog‘lom katta yoshlilarni qamrab olgan.

Tadqiqotchilar kundalik multivitaminlar o‘lim xavfini kamaytirgani haqida hech qanday dalil topmadilar va buning o‘rniga kuzatuvning dastlabki yillarida foydalanuvchilar o‘rtasida o‘lim xavfi 4% ga ko‘tarilgan. O‘lim xavfi yuqori bo‘lishining sababi og‘ir kasallikka chalingan odamlar har kuni multivitaminlarni qabul qilgani bo‘lishi mumkin. Tadqiqotda aytilishicha, AQShda har uch kishidan biri kasalliklarning oldini olish maqsadida multivitaminlardan foydalanar ekan. Ammo bu tadqiqot natijalariga ko‘ra, multivitamin qabul qilish inson umrini uzaytirishiga aniq dalillar topilmagan. Shunga qaramasdan, ko‘pchilik multivitaminlardan salomatligini yaxshilash umidida foydalanishda davom etmoqda.

Jorj Vashington universitetining tibbiyot bo‘yicha professori Doktor Nil Barnard shunday deydi: “Multivitaminlar odam organizmiga yordam bermaydi. Multivitaminlarni qabul qilish o‘rniga, to‘yingan yog‘lar va xolesterin miqdorini cheklab, mikroelementlar va makroelementlarni ta’minlaydigan sog‘lom oziq-ovqatlarni iste’mol qilishimiz kerak”.

Multivitaminlar hamma uchun ham foydali bo‘lavermaydi, ba’zi odamlarga zararli bo‘lishi ham mumkin. Yurak xastaligi xavfi yuqori bo‘lganlar, keksa ayollar, chekuvchilar va homilador ayollar multivitamin qabul qilishdan ehtiyot bo‘lishlari kerakligi ta’kidlangan. Bu toifadagi odamlar multivitaminlardan foydalanishdan oldin shifokor bilan maslahatlashishlari tavsiya etiladi. Quyidagi guruhlarga mansub insonlar uchun esa multivitaminlar foydadan holi emas:

  • D vitamini tanqisligi bo‘lgan insonlar: D vitamini suyak salomatligi uchun muhimdir va uni qo‘shimcha sifatida qabul qilish organizm tomonidan yaxshiroq so‘rilishini ta’minlaydi;
  • Vegetarianlar:  inson organizmi uchun zarur bo‘lgan B12 vitamini asosan go‘sht mahsulotlarida uchraydi. Shu sababli, faqat o‘simliklardan iborat mahsulotlar bilan oziqlanadiganlar B12 vitamini tanqisligiga moyil bo‘lishadi. Bundan tashqari, ular kalsiy, sink, temir, D vitamini va Omega-3 yog‘ kislotalari yetishmovchiligidan aziyat chekishlari mumkin.

Multivitaminlar vazn yo‘qotish uchun jarrohlik amaliyotini o‘tkazganlar, kam kaloriyali diyetaga amal qilayotganlar yoki oziq-ovqatdan yetarlicha quvvat ololmayotganlar uchun ham foydalidir.