Telegram kanallarida kolbasa va dudlangan go‘sht mahsulotlari inson organizmi uchun xavfli ekanligi haqida ma’lumotlar tarqalmoqda. “Sosiska, kolbasa va turli xil dudlangan go‘sht mahsulotlarini iste’mol qilish demensiya xavfini oshiradi”, – deyiladi xabarda.
Factchecknet.uz mazkur xabarni tekshirib koʻrdi.
HUKM: ROST
Demensiya – bu miya faoliyatining zaiflashishi, xususan, xotira, fikrlash va idrok etish qobiliyatining uzluksiz yomonlashuvi bilan ifodalanadigan holat. Demensiya, asosan, yoshi ulg‘aygan odamlarda uchraydi, ammo ba’zan yoshroq odamlar ham bu muammoni boshdan kechirishi mumkin. Bu kasallik ko‘pincha ijtimoiy va kundalik faoliyatga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi, shuning uchun demensiya ko‘plab odamlarning hayot sifatini yomonlashtiradi.
Ultra qayta ishlangan oziq-ovqatlar esa demensiya kabi kognitiv kasalliklarni yuzaga keltiradi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, shirinlashtirilgan don mahsulotlari, energetik ichimliklar va turli ta’mli chipslar singari oziq-ovqat mahsulotlari kognitiv qobiliyatlarning pasayish xavfini oshirishi mumkin.
Ultra ishlov berilgan oziq-ovqatlar bilan demensiya o‘rtasidagi bog‘liqlikka doir ko‘plab tadqiqotlar bor. Shu tadqiqotlardan biri 130 ming nafardan ortiq katta yoshdagi amerikaliklarning 43 yillik ma’lumotlariga asoslangan. Shu davrda 11 173 kishida demensiya rivojlangan. Haftasiga ikki marta qayta ishlangan qizil go‘sht iste’mol qilganlarda demensiya rivojlanish xavfi oyiga uch martadan kam go‘sht iste’mol qilganlarga qaraganda 14 foizga yuqori ekanligi aniqlangan.
Steyk yoki bekon kabi qayta ishlanmagan qizil go‘shtni iste’mol qilish demensiya xavfini sezilarli darajada oshirmagan, lekin har kuni iste’mol qilganlar o‘zlarining kognitiv qobiliyatlari pasayganidan shikoyat qilishgan.
Qayta ishlangan go‘shtlarning katta qismi “ultra qayta ishlangan oziq-ovqatlar” toifasiga kiradi. Bular uy oshxonasida topib bo‘lmaydigan ingrediyentlar, masalan, soya protein izolati, yuqori fruktozali makkajo‘xori siropi, modifikatsiyalangan kraxmal, lazzat beruvchi moddalar yoki rangli qo‘shimchalar bilan tayyorlangan mahsulotlar. Ushbu oziq-ovqatlarda shakar, yog‘ yoki natriyning miqdori ko‘p, ularning sog‘liq uchun salbiy ta’sir ko‘rsatishi uzoq vaqtdan beri ma’lum. Bu moddalar pechenye, tortlar, gazlangan ichimlik va sho‘r gazaklar tarkibida ham uchraydi. Tadqiqotlar odamlarga taomlarni uy sharoitida tayyorlab yeyishni tavsiya qiladi.
“Healthline” platformasi ultra qayta ishlangan oziq-ovqatlarning ro‘yxatini va ularning o‘rniga iste’mol qilish mumkin bo‘lgan qayta ishlangan muqobillarini ko‘rsatadi. Bu parhezning to‘yimliroq bo‘lishini ta’minlaydi. Ularga quyidagilar kiradi:
- shirinlashtirilgan nonushta donlari – o‘rniga oddiy kepakli yorma;
- turli ta’mli chipslar – o‘rniga uyda tayyorlangan chips;
- oq non – o‘rniga uyda pishirilgan bug‘doy noni;
- energetik ichimliklar – o‘rniga uy sharoitida tayyorlangan sharbatlar.